Prezident “Soy bo‘yi” sayilgohida bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanida barpo etilgan “Soy bo‘yi” sayilgohiga bordi.

Davlat rahbari 2018 yil 9 fevral kuni Olmazor tumanida bo‘lib, kanallar bo‘yini obodonlashtirish, aholining dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. 

Bugun bu yerda ko‘rkam madaniyat va ma’rifat maskani bunyod bo‘ldi. “Damashi” kanalining 2,5 kilometr qismi qirg‘oqlari betonlashtirilib, “Soy bo‘yi” sayilgohi barpo etildi. O‘zbekiston va jahondagi mashhur obidalar maketlari o‘rnatildi. Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kafe va restoranlar, kovorking markazi, fitnes klubi va boshqa ob’ektlar tashkil qilindi.

Prezident kovorking markazi va undagi tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi. 

Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar maskani ham avvalgi tashrifning amaliy natijalaridir.

Kutubxona boy kitob fondi va axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan elektron tarzda bog‘langan. 

Nuroniylar maskanida faxriylar o‘z vaqtini mazmunli o‘tkazishi, salomatligini mustahkamlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Davlat rahbari mazkur kutubxonalar va Nuroniylar maskanini ko‘zdan kechirdi. Mahalliy aholi vakillari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

Shu yerda mahallalarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash tizimi haqida ma’lumot berildi. Prezident bu tizimni Toshkent shahrining barcha tumanlarida joriy qilish, jinoyatchilikning oldini olishda ilm va tahlil asosida ishlash zarurligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Soy bo'yi sayilgohi

Baholaganlar

55

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing