Koronavirusga chalingan bemorlarning 13 nafari og‘ir ahvolda – Otabekov

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning 13 nafari og‘ir ahvolda qolyapti. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

“Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 694 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 104 bemorning 28 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti, 8 nafarining ahvoli og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 108 bemordan 5 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda”, dedi Nurmat Otabekov.

Uning ta’kidlashicha, bemorlarning barchasi tegishli tibbiy muolajalarni olyapti. Viloyatlarda davolanayotgan bemorlar uchun Toshkent shahri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri telemuloqot, telemaslahatlashuv tizimi tashkil etilgan. Barcha hududlardagi bemorlar nazoratga olingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 694 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 42 nafari davolangan, 3 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing