Biz kanalizatsiyaga isrof qilgan suvlar qanday qayta ishlanishini bilasizmi?

Olam

444

Siz kuniga qancha suv iste’mol qilasiz? Bu haqda hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Iste’mol qilganingiz-ku mayli, qancha suvni isrof qilasiz?

Kunlik tish tozalash chog‘ida suvni o‘chirmasligimiz sabab oyiga o‘rtacha 600 litr suvni isrof etamiz. Soqol olish bahonasida o‘chirilmagan jo‘mrakdan oqib, isrof bo‘lgan suv esa oyiga 380 litrni tashkil etadi. 5 daqiqalik dush qabul qilish 50 litr suvni talab qilsa, vannani suvga to‘ldirish uchun 200 litr suv sarflanadi. Oxirigacha yopilmagan yoki nosoz jo‘mrakdan bir daqiqa ichida tomgan 30 tomchi bilan bir yil davomida 27 marta vannani to‘ldirish mumkin. Ko‘ryapsizmi, biz qancha suvni behuda sarflayapmiz? 

Xo‘sh, bu suvlar qayerdan keladi, qanday keladi, isrof bo‘lgan, boring ana kanalizatsiya quvuriga ketgan suvlar qanday yo‘l bilan tozalanadi? Bu haqda o‘ylab ko‘rganmisiz? O‘ylamagan bo‘lsangiz, Germaniyaning 163 yillik tarixga ega Berliner Wasserbetriebe suvni qayta ishlash zavodiga biz bilan sayohat qiling. 

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) tomonidan Yevropa Ittifoqining ko‘magi ostida amalga oshiralayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida Germaniyaga safar davomida QALAMPIR.UZ muxbiri Berliner Wasserbetriebe suvni qayta ishlash zavodida bo‘ldi.

Berlin ajoyib tabiati va ozodaligi bilan e’tirof etiladigan shahar. Bu yerda quvurlardan olinib, qayta ishlanayotgan suvlar tabiatga qaytariladi. 

Berliner Wasserbetriebe suvni qayta ishlash zavodi rahbari Arni Kuchmirning ta’kidlashicha, avvallari daryo va ko‘l suvlari qayta ishlanib, tozalangan va iste’mol uchun yetkazib berilgan. Hozirda esa aholi tomonidan chiqitga chiqarilgan suvlar zamonaviy texnologiyalar asosida kanalizatsiyalardan olinib, qayta ishlanadi. 

Berlinda markaziy suv ta’minotining qurilishi 1852 yilda boshlangan. Bu borada shahar Yevropaning boshqa shaharlaridan ortda qolgan. O‘sha vaqtlarda shaharda 5600 ta favvora bo‘lgan va aholi shu favvoralardagi suvlarni imte’mol qilgan. Favvoradagi suvdan parazitlar, turli mikroblar va vabo kasalligi tarqayotgani payqalmagan. 

1852 yilda buyuk britaniyalik ishbilarmonlar Charlz Foks va Tomas Rassel Krampton Berlin shahrini suvni bilan ta’minlash bo‘yicha loyihani amalga oshirish uchun ruxsat oldilar. Ish Berlinda sanitariya korxonasini ishga tushirishdan boshlandi. Ular Berlin hukumati bilan 25 yillik shartnoma tuzdilar. 

1853 yilga kelib, Berlindagi ilk suv xo‘jaligi stansiyasiga tamal toshi qo‘yildi va 1856 yilda suvni qayta ishlash bo‘yicha ilk operatsiyalarga start berildi. Bir yil o‘tib yangi suv ta’minoti tizimiga 314 ta uy qo‘shildi. 1859 yilga kelib ularning soni 141 taga ko‘paydi va o‘sha yili kompaniya ilk daromadini topdi. 

 

Sanitariya muammosi suv ta’minoti bilan hal etilmadi. 1866 yilda shaharda xoler epidemiyasi paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng, Rudolf Virxov raisligida kanalizatsiya tizimini ishlab chiqish bo‘yicha komissiya tuzildi. Kanalizatsiya qurish ishlari esa 1873 yilda boshlandi. Berlin 25 yillik shartnoma muddatini uzaytirdi. 

4 yil ichida shaharda 80 kmlik ilk kanalizatsiya tizimi qurib bitkazildi. 1909 yilda 12 ta quyi tizimning so‘nggi qismi ishga tushirildi. Kanalizatsiya 1029 km uzunlikda 31 000 uchastkaga ulandi. 

 

1920 yilda katta Berlinning tashkil etilishi ortidan 1924 yilda Berlin shahar suv zavodi AG ishga tushirildi. 1937 yilda u xususiy kompaniyaga aylantirildi. 1945 yilda shahar suvi stansiyalarini shaharning boshqa suv kompaniyalari bilan birlashishi natijasida Berliner Wasserbetriebe tashkil topgan. 

Bugungi kunga kelib ushbu zavodda yiliga 350 million kubometr suv olinadi. Berlinda iste’mol qilinadigan suv miqdori esa 550 ming kubometrni tashkil etadi. 

Zavod mutaxassislarining alohida qayd etishlaricha, Berlinda nemis texnologiyalari asosida qayta ishlanayotgan suvlarni qaynatmasdan ham iste’mol qilish mumkinligiga kafolat bor. Shu bois aholi jo‘mrakdagi suvni qo‘rqmay iste’mol qilaveradi. 

Berlindagi Berliner Wasserbetriebe suvni qayta ishlash zavodiga yaqinlashganingiz sari dumog‘ingizga kanalizatsiyaning badboy hidi kelib uriladi. Bu yerda oqova suvlar qayta ishlanadi. Jarayon bir necha qismlarga bo‘linadi. Suv bir necha bor chiqindilardan tozalanadi. Keyin filtrga olinadi. Toza holga keltirilgan suv daryolarga tashlanadi. 

Media-tur ishtirokchilari birinchi jarayon amalga oshiriladigan maxsus xonada bo‘ldik. U yerdan shu qadar badboy hid anqirdiki, ikki soniya ham bu xonada qolib bo‘lmasdi. Lekin zavoddagilar bunga o‘rganib ketgan. Odamlarga suvni qayta ishlab yetkazib berish, tabiat ne’matini asrab-avaylashni insoniy burchi deb biladi. 

Zavodda bir kecha-kunduzda 247 000 kubometr suv qayta ishlanadi. 

Germaniya kanalizatsiyalardagi chiqitga chiqarilgan suvlarni asrab qolishning choralarini allaqachon ko‘rgan. Buning natijasida mamlakatda kanalizatsiyadagi suvning bor-yo‘g‘i 5 foizi isrof bo‘ladi. Markaziy Osiyoda bu ko‘rsatkich dahshatli darajada. Bunga esa quvurlarning talabga javob bermasligi sabab. Xususan, mutaxassislarning qayd etishlaricha, quvurning eskirgani va standartlarga javob bermasligi sabab 50 foiz suv isrof bo‘ladi. 

Berlinning chekkarog‘ida yer osti suvlarini tozalash stansiyasi bor.  Berliner Wasserbetriebe zavodi rahbari Arni Kuchmir o‘zbekistonlik jurnalistlarni o‘sha yerga boshlab bordi. Bu zavod avvalgisidan biroz farq qiladi. Unda kanalizatsiya hidi anqib, ko‘nglingiz buhuzur bo‘lmaydi. Bu yerda qayta ishlanayotgan suv haqiqatan ham do‘konlardagi suvlardan tozaligi va inson salomatligiga zarari yo‘qligini isbotlash uchun, hali jarayondan to‘liq chiqmagan suvni Kuchmir ko‘z o‘ngimizda ichib ko‘rsatdi. 

Yangi zavod 100 yillik tarixga ega bo‘lgan eski suvni qayta ishlash zavodining yonginasida qurilgan.

Katta omborni eslatadigan va 100 yillik tarixga ega bo‘lgan suvni qayta ishlash zavodi bugungi kunga kelib muzeyga aylantirildi. Zavodga kelganlar uning eski binosi va sharoiti bilan ham tanishishlari mumkin. Bu yerda o‘sha vaqtda suvni qayta ishlashda foydalanilgan qumlar saqlab qolingan. 

Germaniya ekologiyaga hurmat, xususan suvni asrab avaylash borasida o‘rnak mamlakat sanaladi. May oyi oxirida Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer tashrif buyurmoqda. Tashrif doirasida Prezidentlar Orolbo‘yi hududi masalasida muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilmoqda. Ushbu urchashuvda Germaniyaning suvni qayta ishlash borasidagi tajribalarini O‘zbekistonda amalga oshirish borasida kelishuv qilinsa, ajab emas.
 


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Berlin UzWaterAware Suvni qayta ishlash

Baholaganlar

65

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing