MB 2019 yilda inflyatsiya necha foiz bo‘lganini ma’lum qildi

Jamiyat

image

2019 yil yakunlariga ko‘ra, inflyatsiya darajasi prognoz koridorining yuqori chegarasida shakllanib, 15,2 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

2019 yil uchun inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichi 13,5-15,5 foiz darajasida belgilangan edi. Ta’kidlanishicha, 2019 yil davomida inflyatsiya dinamikasi turli yo‘nalishli xususiyat kasb etdi. Xususan, yilning birinchi yarmida yillik inflyatsiya darajasi 13-13,5 foizgacha pasayib, mazkur ko‘rsatkichda ma’lum muddat saqlanib turgandan so‘ng, yilning ikkinchi yarmida inflyatsiya dinamikasi o‘suvchi trendga ega bo‘ldi.

Tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirilishi, banklarning kreditlash faolligining oshishi hamda davlat xarajatlarining o‘sishi kabi investitsion va iste’mol talabini rag‘batlantiruvchi omillar, 2019 yilning ikkinchi yarimida nisbatan yuqori inflyatsiya darajasini yuzaga kelishiga olib keldi.

Xususan, iyul-avgust oylaridagi tartibga solinadigan narxlarning o‘sishi bilan birga milliy valyuta almashuv kursi devalvatsiyasining tezlashishi, oylik inflyatsiya darajasining 2019 yil avgust oyida 2,9 foizgacha o‘sishiga asosiy omil bo‘ldi (2018 yil avgust oyida – 0,3 foiz).

2019 yilning IV choragida inflyatsiya o‘sish sur’atlarining 2018 yilning mos davriga nisbatan ma’lum darajada sekinlashishi kuzatildi (0,7 foiz bandga).

Bunda 2019 yil davomida un va non mahsulotlari narxlarining oshishi yillik inflyatsiyaga ma’lum darajada bosim yaratdi.

Shuningdek, 2019 yilda tartibga solinadigan narxlar o‘rtacha 21,6 foizga, xususan, non – 40 foizga, gaz – 18,8 foizga, elektr energiyasi – 18 foizga va benzin – 17,6 foizga o‘sdi.

Ob-havo sharoitlari meva-sabzavotlar narxlarida o‘z aksini topdi. Xususan, mevalar narxi – 21,4 foizga, kartoshka – 11,7 foizga va guruch – 5,8 foizga qimmatlashdi.

Bundan tashqari, joylarda ozuqa-yem zaxiralarining yetishmovchiligi masalasi ham go‘sht mahsulotlarining narxiga ta’sir etdi va ularning narxi 23,4 foizga oshdi.

Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohasidagi narxlar o‘sishida tezlashish kuzatildi, bunda yo‘lovchi transporti xizmati – 13 foizga, ta’lim xizmatlari – 22 foizga qimmatlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank inflyatsiya

Baholaganlar

57

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing