Ipoteka krediti foizlari pasayishi kutilmoqda – Markaziy bank raisi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda kelgusida uy-joy ipotekasi kredit stavkalari pasayishi kutilmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ma’lum qildi.

Nurmurodovning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilning birinchi choragi bo‘yicha umumiy kredit foizlari o‘rtacha 0,7 foiz bandga tushgan. Bu Markaziy bankning ko‘rsatmasi bilan emas, pul-krediti mexanizmlari, pul-kredit sharoitlaridan kelib chiqqan holda yuz bergani aytildi.

“Ipoteka bo‘yicha hukumatning  17-18 foiz degan normalari imtiyozli ipoteka doirasiga kiradi. U yerda belgilangan shart bor – agar Markaziy bankning asosiy stavkasi oshadigan bo‘lsa foizlar oshmaydi, asosiy stavka tushadigan bo‘lsa, u pasayadi. Ko‘rib turibsiz bugun asosiy stavkani o‘zgartirganimiz yo‘q, bu degani o‘sha stavkada qoladi. Lekin, bu yilgi investitsiya dasturlarida va bevosita ipotekani rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan loyiha hozir Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank o‘rtasida muhokama qilinib, yakunlanish darajasiga yetgan. Oldin imtiyozli kredit ma’lum bir bozordagi uy-joy qurilishi segmentiga yo‘naltirilgan bo‘lsa, hozir barcha birlamchi bozordagi uylarga kiritish bo‘yicha ishlanyapti”, deydi Nurmurodov.

Agar bu loyiha tasdiqlanadigan bo‘lsa, umumiy ipotekaning foizi pasayadi.

“Masalan,  hozir 25-27 foizda ham ipoteka beriladi, degan gaplar bor. Agar bu norma amaliyotga joriy qilinadigan bo‘lsa, men aytishim mumkin, bizning hisob-kitoblarimiz bo‘yicha ipoteka 21,5-22 foizgacha pasayishini kutyapmiz”, deydi Markaziy bank raisi.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning yanvar oyida kredit stavkasi ko‘tarilib, 24,1 foizni tashkil qilgan edi. Mart oyidagi holat bo‘yicha, kredit stavkasi tushib, o‘rtacha foizi 23,6 foizga tenglashgan. O‘tgan yilning mart oyida esa bank tashkilotlarida kredit stavkasi o‘rtacha 22,6 foiz bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank ipoteka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing