COVID-19 va dunyo – so‘nggi 24 soat ichida ro‘y bergan yangiliklarning qisqa dayjesti

Olam

image

Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni bugunga kelib 1 698 271 nafarni tashkil etmoqda. Hozirga qadar 102 753 bemor vafot etdi. Infeksiyadan 376 669 kishi shifo topib, tuzalib ketdi.

O‘zbekistonda 10 aprel kuni soat 22:00 holatiga ko‘ra bemorlar 641 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, soat 23:00 ga kelib ular 28 nafarga ortib, 669 kishiga yetdi.  Bugungacha ularning 42 nafari davolandi va 3 nafari vafot etdi.

Qozog‘istonda bugun, 11 aprel kuni infeksiyadan zararlanganlar soni 4 nafarga oshib, umumiy hisobda 812 bemorni tashkil etmoqda. Bugungi kasallanganlar mamlakatning 8 ta hududi, jumladan, poytaxt Nur-Sultonda qayd etilgan. Koronavirusdan 10 kishi vafot etgan bo‘lsa, 64 bemor undan shifo topgan.

AQSH hukumati koronavirusga qarshi kurashish uchun Italiyaga yordam berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. “Qo‘shma Shtatlarning eng asosiy vazifasi o‘z fuqarolarini koronavirusdan himoya qilish. Biroq Italiyaga yordam qo‘lini cho‘zish, kuchli inqirozning oldini oladi va AQSHning dunyo yetakchiligi maqomini mustahkamlaydi”, deyiladi Oq uy bayonotida.

Xitoy, o‘z navbatida, Rossiyaga o‘z tibbiyot xodimlarini jo‘natdi. Ular bugun, 11 aprelda Rossiyada bo‘ladi. Ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirliklari kelishuviga asosan, xitoylik tibbiyot xodimlari koronavirusga qarshi kurashda rossiyalik hamkasblari bilan hamkorlikda harakat qilishadi. 

Belarus Rossiyadan koronavirusga qarshi 30 mingta test sotib olishni rad etdi. Avvalroq, hukumat, mamlakatda ham milliy, ham zamonaviy testlar mavjud ekanligini ma’lum qilgan edi. Ammo aprel boshidan beri Minskka turli yo‘llar bilan 10 mingta test olib kirilgani haqida ma’lumotlar mavjud.

Jahonning boshqa mamlakatlarida quyidagi holat kuzatilmoqda: Argentinada koronavirus sababli joriy etilgan karantin rejimi yana ikki haftaga – 26 aprelga qadar uzaytirildi. Xitoyda esa so‘nggi 24 soat ichida 46 nafar shaxs infeksiyadan zararlandi. Janubiy Koreyada koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 10 480 nafarga yetdi. AQSHda bu ko‘rsatkich yarim milliondan oshdi. 


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

407

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing