To‘rtta viloyat. Ichimlik suvi masalasi “jar yoqasiga” kelib qolgan hududlar ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 85 foiz, Toshkent viloyatida 75, Xorazm viloyatida 61,9, Qashqadaryo viloyatida esa 54,2 foiz aholi markazlashgan ichimlik suvi, aholining qolgan qismi esa alternativ ichimlik suvi manbalari bilan ta’minlangan. Bu ko‘rsatkichlar tumanlar kesimida tahlil qilinganda eng past natijalarni Qashqadaryo viloyatining ayrim tumanlari, xususan, G‘uzor — 2,1 foiz va Dehqonobod — 2,0 foizni tashkil etgan. Bu haqda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tilgan. 

To‘rtta — Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida tasdiqlangan tarmoq jadvallaridagi loyihalarni amalga oshirishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Xususan, moliyalashtirishdagi muammolar tufayli Toshkent viloyatida belgilangan loyihalarning 17 tasi, Farg‘ona viloyatida 20 tasi hamda Qashqadaryo viloyatida 14 tasi to‘liq yakunlanmagan va shu sababli yildan yilga o‘tuvchi loyihalar turkumiga o‘tkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Chirchiq shahrida suv quvuri o‘tkazish jarayonida pudratchilar tomonidan tabiiy ravishda yo‘l infratuzilmasiga zarar yetkazilgan. Pudratchiga yo‘l ta’miri uchun mablag‘ ajratilmaganligi sababli yo‘llar yaroqsiz holga kelib qolgan. Deputatlarning ta’kidlashicha, bu holat deyarli barcha loyihalarda tizimli muammoga aylanib qolgani achinarli.

“Har to‘rtala hududning ayrim tumanlarida, ayniqsa, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarining ko‘plab aholi punktlariga yer osti ichimlik suvi manbasi yo‘qligi sababli aholiga ichimlik suvi tashib berish yo‘li bilan yetkaziladi. Ichimlik suvi tashuvchi transport vositalarining aksariyat qismi esa sanitariya talablariga javob bermaydi. Aholi ichimlik suvini sanitariya talablariga zid ravishda oylab davomida maxsus idishlarda yoki hovuzlarda saqlaydi. Bu esa aholi salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi”, deya gapirib o‘tildi yig‘ilishda.

Ushba viloyatlarda ichimlik suvi iste’molini hisobga olish asboblari, shuningdek, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi ob’ektlariga oid zarur barcha axborotni “onlayn” rejimida kiritish, saqlash, muntazam yangilash hamda monitoring qilishni ta’minlaydigan yagona tizimning yo‘qligi suvni isrof qilish va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar oshib ketayotganiga sabab bo‘layotgani aytildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishda har ikkalasining bir vaqtda bajarilmasligi, ayniqsa, ko‘p qavatli yangi uylarda suv ta’minoti bo‘lsa-da, kanalizatsiya tizimi yo‘qligi va aksincha. Mazkur hududlarning yer osti ichimlik suvi shakllanadigan tumanlarida kanalizatsiya tarmog‘i nochor holga kelib qolgan. Shu bois mavjud yer osti suv zaxiralarining ifloslanishiga olib kelmoqda. Bu borada qarorda belgilangan ayrim kanalizatsiya ob’ektlari loyihalarining, jumladan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Qibray, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona, Uchko‘prik, Beshariq tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Shahrisabz, Kitob tumanlarida kechiktirilishi ushbu xavfni yanada kuchaytiryapti.

O‘rganishlarda har to‘rtala viloyatdagi aksariyat aholiga suv tayyorlash va uzatish punklarida suvni zararlantirish uskunalari mavjud emasligi aniqlangan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar tahlili mavjud ichimlik suvi ob’etlarida suv sifati sanitariya talablariga javob bermasligini ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilish yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

ichimlik suvi

Baholaganlar

81

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing