18 aprel. O‘zbekiston va jahonda koronavirus bilan bog‘liq qanday yangiliklar yuz berdi?

Olam

image

So‘nggi 24 soat ichida dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq qanday yangiliklar bor? Qanday voqea-hodisalar yuz berdi? Bularning bari QALAMPIR.UZ’ning 18 aprel kungi dayjestida.

Dunyoda koronavirusdan vafot etganlar soni 150 mingdan oshdi. Toshkent vaqti bilan 06:45 ga ko‘ra, ularning umumiy soni 153 871 nafarni tashkil etmoqda. Natijalar borasida birinchi o‘rinda AQSH (35,5 ming), ikkinchi o‘rinda - Italiya (deyarli 23 ming), uchinchi o‘rinda - Ispaniya (19,5 ming) bormoqda. Bu haqda Worldometers ma’lum qilgan.

O‘zbekistonda ham ko‘rsatkichlar o‘zgardi. Mamlakatda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1405  nafarni tashkil qilmoqda. Bugungacha bemorlarning 156 nafari sog‘aydi, 4 nafari vafot etdi. Mavjud bemorlar soni 1245 kishini tashkil qilmoqda.

Qozog‘istonda qo‘shimcha 48 yangi koronavirus infeksiyasi qayd etildi. Ularning 34 tasi Olma-otada aniqlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 17 aprel kuni soat 23:00 ga qadar respublikada yana 48 ta yangi koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Umumiy hisobda mamlakatda infeksiyadan zararlangan bemorlar soni 1546 nafarga yetdi.

Braziliyada kuniga 217 kishi koronavirusdan vafot etdi, bu esa umumiy o‘lim sonini 2141 taga yetkazdi, deb ma’lum qildi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi. Umuman olganda, Braziliyada 33 mingdan ortiq odam koronavirusga chalingan, 14 ming bemor undan tuzalgan. Koronavirusning tarqalishi bo‘yicha Braziliya Lotin Amerikasida birinchi o‘rinda ketmoqda.

Qirg‘izistonga yaqin kunlarda Xitoy va Polshadan tibbiy mutaxassislarning kelishi kutilmoqda. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Aida Ismoilova ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar yordam berish va koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda tajriba almashish uchun kelishadi. Bundan tashqari, platforma ishlab chiqilgan bo‘lib, unda mamlakatdagi epidemiologik vaziyat, gumanitar yordamni hududlar bo‘yicha taqsimlash va hisobga olish to‘g‘risidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterresh koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishda global koalitsiya tashkil etish zarurligini ta’kidladi. “COVID-19 ga qarshi vaksinani ishlab chiqish uchun bizga global koalitsiya kerak. Ushbu emlov hamma yerda va hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak”, deb yozgan u Twitter’dagi sahifasida.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ta’kidlashicha, COVID-19 koronavirusini aniqlash bo‘yicha Rossiya test tizimlari ko‘pincha noto‘g‘ri natijalar bermoqda. “Biz juda ko‘p test o‘tkazayapmiz. Ochig‘ini aytganda, bu testlar dabdala. Siz Putin yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lganini va shundan u yerda bosh vrach kasal bo‘lib qolganini payqagan bo‘lsangiz kerak. U shunday dedi: “Men endi bu testlardan foydalanmayman, ular faqat 60 foizga to‘g‘ri chiqadi”. Rus test tizimlari. U 60 foiz dedi, menimcha esa, bu ko‘rsatkich 30 foiz”, dedi Lukashenko.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

286

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing