Kremlning ustuvor yo‘nalishi terrorchilarga emas, Ukraina va muxolifatga qarshi kurashdir – FT

Olam

image

ISHID terrorchilariga qarshi kurash “Krokus Siti Holl”dagi teraktga ruxsat bergan Rossiya maxsus xizmatlarining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kirmasa kerak. Bunday fikrni xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar “Financial Times” bilan suhbatda bildirdi

"Bu yerda masala ular tahdid haqida o‘ylamagani yoki uni qidirmaganida emas, balki ular bunday siyosiy ustuvorliklarga ega bo‘lmaganidadir. Siyosiy ustuvorliklarni Kreml belgilaydi. Bu esa, shubhasiz, Ukraina va demokratik muxolifatga qarshi qaratilgan”, deydi harbiy ekspert va London Universiteti faxriy professori Mark Galeotti.

AQSH razvedka idoralari Rossiyaga mart oyi boshida mamlakat hududida terakt tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi. “The Washington Post” gazetasining yozishicha, “Krokus Siti Holl”dagi teraktdan ikki hafta oldin AQSH rasmiylari Rossiyani aynan shu joy hujum uchun potensial nishonga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Nashrning yozishicha, Rossiya rasmiylari hech bo‘lmaganda dastlab ogohlantirishni jiddiy qabul qilgan. AQSH ogohlantirishida Moskvadagi sinagogalardan birida teraktga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ham ma’lumot bo‘lgan. 7 mart kuni Federal xavfsizlik xizmati (FXX) ISHIDning Moskvadagi sinagogaga hujumining oldi olingani haqida xabar berdi.

G‘arb rasmiylariga ko‘ra, shundan so‘ng Rossiya hukumati hushyorlikni yumshatib, Amerikaning ogohlantirishini yolg‘on deb hisoblagan.

Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning ta’kidlashicha, Moskva Vashingtondan Rossiyada terakt sodir etilishi ehtimoli haqida ma’lumot olgan, biroq bu ma’lumotlar juda umumiy bo‘lgan. Ammo Rossiya hukumati teraktda "Ukraina izi"ni ko‘rdi.

Rossiya maxsus xizmatlari ishini o‘rganishga ixtisoslashgan jurnalist Andrey Soldatov Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik bir necha oqibatlarga olib kelishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik amaldorlarga amerikaliklar bilan aloqalarni davom ettirish topshirilgan, ammo keyin ular xiyonatda ayblangan va bunga bir necha misollar mavjud.

"Bunday muhit har doim terrorizmga qarshi kurashda amerikaliklar bilan haqiqiy hamkorlik g‘oyasini buzadi. Albatta, urush bunday hamkorlikka ta’sir qildi. Amerikaliklardan ma’lumot olishi kerak bo‘lgan ofitser haqida o‘ylab ko‘ring va u o‘z rahbarlariga G‘arb taqdim etayotgan ma’lumotlarga ishonish kerakligini isbotlashi zarur. Albatta, u o‘z karerasi va mavqei haqida o‘ylashi kerak, chunki u amerikaliklar foydasiga nimadir qilayotgan odam sifatida qabul qilinishni istamaydi”, deydi Soldatov.

Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Duglas Londonning fikricha, “Krokus”ga qilingan hujum FXXning tezkor faoliyatida uzoq vaqtdan beri mavjud zaif tomonlarini ko‘rsatdi.

“FXX ko‘plab texnik imkoniyatlarga ega. Hamma joyda videokameralar bor. Ular internetni boshqaradi. Lekin ular ma’lumot qidirganda, odatda majburlash, odamlarni yoki ularning oilalarini shantaj qilishdan foydalanadi. Biroq ular sabr-toqat bilan insayderlarni qanday topish, munosabatlarni rivojlantirish va ishonchni ta’minlashni bilmaydi”, deydi Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “The Washington Post” gazetasi esa ikki amerikalik rasmiyga tayanib, “Krokus Siti Holl”dagi teraktdan ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin, 6 mart kuni AQSH rasmiylari Rossiyani ushbu joy hujum uchun potensial nishonga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirganini yozdi.

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Ostonada bo‘lib o‘tgan SHHT majlisida terakt Kiyev tomonidan tashkillashtirilganini aytdi va terakt uchun javobgarlikni bo‘yniga olgan ISHID va boshqa terrorchi tashkilotlarni AQSHning o‘zi yaratganini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kreml' Krokus Siti Holl

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made