Qo‘chqorov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyaga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Turkiyaga borib, Anqaradagi Prezidentlik majmuasida vitse-prezident Javdat Yilmaz bilan uchrashdi.  Bu haqda “Haber” gazetasi yozdi.

Qo‘chqorov va Yilmaz yakkama-yakka va delegatsiyalararo ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishlardan so‘ng Turkiya-O‘zbekiston qo‘shma iqtisodiy komissiyasining (QIK) 7-Davlat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vitse-prezident va Bosh vazir o‘rinbosari ishtirokida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka sodiqlikni bildiruvchi QIK protokoli imzolandi. 

Vitse-prezident Javdat Yilmaz Turkiyaning O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo hajmi 3,5 milliard dollarga yetganini qayd etgan.

Mazkur tadbirlar doirasida ikki davlat orasida quyidagi hujjatlar imzolangan:

O‘zbekiston Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi bilan Turkiya Savdo vazirligi o‘rtasida sanoat mahsulotlarining muvofiqligini baholash va standartlashtirish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma;

O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Turkiya Raqobat agentligi o‘rtasida raqobat siyosati sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi;

Kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi (KOSGEB) va O‘zbekiston Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlik dasturi;

Samarqand va Koniya shaharlari o‘rtasida qardosh shahar munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim;

Samarqand va G‘oziantep shaharlari o‘rtasida qardosh shahar munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim;

Texnologiyani rivojlantirish markazi (TEKMER) va O‘zbekiston Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi o‘rtasida  2024 yilga mo‘ljallangan o‘zaro anglashuv memorandumi.

Shuningdek, yig‘ilishda Turkiya Mehnat va ijtimoiy xavfsizlik vaziri Vedat Ishikhan,  O‘zbekistonning Anqaradagi elchisi Alisher A’zamxo‘jayev, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ham ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Turkiyaga borib, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qabulida bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Jamshid Qo'chqorov O'zbekiston Bosh vazir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing