Qozog‘iston Toshkentdan 700 km uzoqlikda AES quradi

Olam

image

Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasi (AES) Olmaota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘i hududida quriladi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishcha, Respublika qonunchiligida atom inshootlari qurilishi uchastkasi to‘g‘risidagi qaror mahalliy vakillik organlarining roziligi bilan mamlakat hukumati tomonidan qabul qilinadi. Ulken qishlog‘ida AES qurilishi to‘g‘risidagi qaror Olmaota viloyati maslahat kengashi tomonidan 2022 yil noyabr oyida bir shart bilan ma’qullangan – hudud aholisi loyihani qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Energetika vazirligi Qozog‘istonda AES quradigan kompaniya haqida hali yakuniy qarorga kelmadi. Bu bo‘yicha da’vogarlar ro‘yxatidan to‘rtta kompaniya joy egallagan:

•  Xitoyning CNNC kompaniyasi HPR-1000 reaktori bilan;

•  Janubiy Koreyaning KHNP kompaniyasi HPR-1400 reaktori bilan;

•  Rossiyaning Rosatom kompaniyasi VVER-1200 va VVER-1000 reaktorlari bilan;

•  Fransiyaning EDF kompaniyasi EPR-1200 reaktori bilan.

Ma’lumot uchun, Ulken qishlog‘i Qozog‘istonning Balxash ko‘li yaqinida va Toshkent shahridan taxminan 700 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston aholisi mamlakatda atom elektr stansiyasi qurilishini xohlamayotgani haqida xabar berilgan edi. Shu sababdan AES qurishga qarshi ovoz yig‘ish maqsadida onlayn petitsiya e’lon qilindi. Uning mualliflari fuqarolar va atrof-muhitga tahdiddan qo‘rqib, atom elektr stansiyalari qurilishini taqiqlashni taklif qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston AES

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing