Qirg‘izistonda “Bayraktar” dronlarini boshqarish markazi ochildi

Olam

image

Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatining birinchi uchuvchisiz uchish apparatlari bazasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yerdan Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz uchoqlari boshqariladi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi. 

Bazaning ochilish marosimida Prezident Sadir Japarov ishtirok etdi.

Japarov chegarachilar bilan suhbatda mamlakatdagi tinchlik va barqarorlik chegaradan boshlanishini yana bir bor ta’kidladi. 

“Qirg‘iziston chegaralari xavfsizligini ta’minlash davlatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Kelgusida chegarachilarning yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar davom ettiriladi”, deydi Japarov. 

Davlat rahbari o‘tgan yili birinchi marta Chegara xizmati uchun respublika byudjeti hisobidan dronlar xarid qilinganini eslatdi. 

Japarov bazaning ochilishi haqida gapirar ekan, u chegaralarni himoya qilish bo‘yicha Qirg‘iziston Respublikasi Qurolli Kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari va harbiy qismlari havo hujumidan mudofaa bo‘yicha asosiy vazifalarni bajarishini ta’kidlagan.  

Japarov aviabazaning infratuzilmasi va davlat chegarasini qo‘riqlashda zarba beruvchi uchuvchisiz uchoqlardan foydalangan holda jangovar navbatchilikni tashkil etish bilan tanishgan. 

Qayd etilishicha, “Bayraktar” uchuvchisiz uchish apparatlari tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan Chegara qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan boshqariladi.

Bayraktar droni

“Bayraktar TB2” – Turkiyaning Baykar Makina kompaniyasining uzoq parvoz qila oladigan hujumkor razvedkachi dron. Uning maksimal tezligi 222 km/soat, qanotlari kengligi 12 m, qurilma havoda 24 soatgacha turishi mumkin, dronning amaliy shifti esa 8,2 ming m.

Dron uchish masofasi 0,5 dan 8 kmgacha bo‘lgan ikkita lazerli boshqariladigan UMTAS tankga qarshi raketalari yoki Turkiyaning Roketsan kompaniyasining to‘rtta Bozok, MAM-C yoki MAM-L boshqariladigan aniq bombalari bilan qurollantiriladi.

Bunday turdagi dronlardan Qorabog‘, Suriya va Liviyadagi jangovar harakatlarda foydalanilgan. Ayni paytda “Bayraktar TB2” dronlari Ozarbayjon, Qatar, Liviya, Marokash, Polsha, Jibuti, Ukraina armiyalari hamda Qirg‘iziston Chegara xizmatida mavjud.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar allaqachon 22 davlatga, jumladan Marokash, Niger va Efiopiyaga sotilgan.

“Bayraktar” dronlarining muallifi Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor bo‘lib, u kuni kecha "Kizil elma" nomli yangi dronni taqdim etdi


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Bayraktar

Baholaganlar

83

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing