Putin xavotirda. Britaniya Markaziy Osiyoda nima qilmoqchi?

Tahlil

Rossiya va boshqa Osiyo mamlakatlaridan turli xil mansabdor shaxslarni Markaziy Osiyoga tez-tez qatnashiga o‘rganib qolganmiz. Ammo Yevropa vakillarining, ayniqsa buyuk britaniyalik amaldorlarning tashrifi mintaqamiz uchun biroz begona. Gap Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeronning Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘ylab qilgan sayr-u sayohati haqida ketmoqda. Kemeron faqatgina sayohat uchun emas, balki juda ko‘plab sabab va maqsadlar bilan kelgani aniq, albatta. Bugun uning tashrifi, erishilgan natijalar va uning kelishini xushlamagan Rossiya haqida gaplashamiz. 

Tojikiston – kichik biznes va mehnat migratsiyasi 

Joriy yilning 22-26 aprel kunlari Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Markaziy Osiyo davlatlari va Mo‘g‘ulistonga birin-ketin safar qildi. Dastlab u tashrifini Tojikistondan boshladi. Kemeron Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi va ular o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, savdo va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar muhokama qilingan. 

Shuningdek, uchrashuvning yana bir mavzusi suv va iqlim muammolarini hal etish, mehnat migratsiyasi, davlatlar o‘rtasidagi havo yo‘llarini diversifikatsiya qilish yo‘nalishida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘lgan. Uchrashuvda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida Tojikiston va Qirollik o‘rtasidagi hamkorlik ham muhokama qilingan.

Qirg‘iziston – suv resurslari va mehnat migratsiyasi

Shundan so‘ng, Kemeron Qirg‘izistonga yo‘l oldi. Qirg‘izistonda ham u shaxsan Prezident Sadir Japarov bilan uchrashdi. Qizig‘i, u bu davlat bilan ham mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilgan. Ayniqsa, Qirg‘iziston suv resurslariga boy ekanligini, Buyuk Britaniya respublikadagi ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini alohida ta’kidlagan. 

O‘zbekiston – iqtisodiy munosabatlar va sherikchilik

23 aprel kuni esa Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Devid Kemeron o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Suhbat chog‘ida barcha sohalar bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan asosiy vazifalar belgilab olingan. Iqtisodiy munosabatlarni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga o‘zaro tayyorlik qayd etilgan. 

Muzokaralar yakunida Keng qamrovli sherikchilik to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda Mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.

Qayd etish joizki, Kemeron va Saidovning oldingi uchrashuvi o‘tgan yilning 30 noyabr kuni Shimoliy Makedoniya poytaxti Skope shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 30-yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan.

Ha aytgancha, Kemeron O‘zbekistonda faqat Saidov bilan emas, Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan ham uchrashgan. Bu uchrashuvda Devid Kemeron turli xil yo‘nalishlarni muhokama qilgan va O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, xususan, munosib mehnat tamoyillarini joriy etish, gender tenglikka erishish, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini qayd etgan.

Kemeron boshqa davlat rahbarlaridan farqli o‘laroq Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgani yo‘q. Chunki Mirziyoyev 22 aprel kunidan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqqandi. 

E’tiborlisi, Kemeron barcha davlatlarga tashrifidan so‘ng yana O‘zbekistonga qaytgan. Bu haqda sal keyinroq to‘xtalamiz. 

Turkmaniston – neft-gaz sanoati va ta’lim 

24 aprel kuni esa Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Kemeronni qabul qildi. Muzokaralarda neft-gaz sanoati, qishloq xo‘jaligi va yangi texnologiyalar hamkorlik uchun istiqbolli deb topilgan. Qarangki, u uchrashuvda mamlakatlar ta’lim sohasida hamkorlik qilish niyatidaligi, xususan, Buyuk Britaniya ingliz tilini o‘qitishni rivojlantirishga tayyorligini bildirgan.

Ashxobodda yozib olingan X akkauntidagi videomurojaatida Kemeron mintaqa mamlakatlariga tashrif buyurayotganini, chunki bu Buyuk Britaniya xavfsizligi va farovonligi uchun muhim ekanini aytgan.

“Hozir men Turkmaniston poytaxti Ashxoboddaman va men 1997 yildan buyon bu mamlakatga va mintaqaning boshqa davlatlariga kelgan Britaniyaning Tashqi ishlar bo‘yicha birinchi davlat kotibiman. Nega men bu yerdaman? Ilgari mintaqa bilan ko‘proq ishlashimiz kerak edi. Ammo hozir biz shu yerdamiz, chunki bu Britaniya xavfsizligi va farovonligi uchun muhim. Xavfsizlik – chunki bu mintaqa Xitoy, Rossiya va Afg‘oniston hamda bu yerdan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Eron o‘rtasida joylashgan. Biz butun dunyo bo‘ylab, shu jumladan bu yerda ham ishlashimiz, raqobatlashishimiz va biznes yuritishimiz kerak. Biz qilayotgan ish Buyuk Britaniya aholisini ish bilan ta’minlashi va vataniga farovonlik olib kelishi mumkin”, deydi Devid Kemeron.

Qozog‘iston – Strategik sheriklik va hamkorlik

Shundan so‘ng u o‘z yo‘nalishini Qozog‘istonga burgan. U mamlakat rahbari  Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashdi. ular savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni, jumladan, energetika, yashil iqtisodiyot, moliya va innovatsiyalar sohalarida ko‘paytirish uchun mavjud salohiyatga e’tibor qaratdi.

O‘z navbatida, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron so‘nggi 11 yil ichida Qozog‘iston va Buyuk Britaniya ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda katta muvaffaqiyatlarga erishganini aytdi. Britaniya Tashqi ishlar vaziri ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar XVI asrga borib taqalishini ta’kidladi.

“2013 yildan beri birinchi marta men Qozog‘istonga tashrif buyuryapman va bu davrda Qozog‘iston erishgan ulkan yutuqlarni qayd etaman. Men bu taraqqiyotning guvohi bo‘ldim, buni ko‘rib juda xursandman. Biz strategik muloqotimizni ko‘p yillar avval boshlagan edik va bugun nihoyat Strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladik. Bu hamkorligimizning barcha sohalarini qamrab oladigan hujjatdir”, deydi Devid Kemeron.

Uning qayd etishicha, Buyuk Britaniya qozog‘istonlik talabalarning Buyuk Britaniyada o‘qishi uchun Chevening stipendiyasi uchun byudjet va mablag‘ni ikki barobarga oshirishni rejalashtirmoqda.

Mo‘g‘uliston – rangli va nodir yer metallar

Devid Kemeron barcha Markaziy Osiyo davlatlariga tashrifini yakunlagandan so‘ng 25-26 aprel kunlari Mo‘g‘ulistonga keldi. 

Kemeronni davlat rahbari Xurelsux Uxnaa Ulan-Batordagi prezident saroyidagi an’anaviy uy chodirida kutib oldi. Ingliz amaldori mo‘g‘ul bolalarining dars jarayonida ham qatnashgan. U bolalar bilan uchrashuvda “Bo‘sh vaqtim unchalik ko‘p emas, lekin bo‘lganda ovqat pishirishni, sayr qilishni va ot minishni yaxshi ko‘raman”, deb hazillashgan. 

Ammo Mo‘g‘uliston rahbari uning bu so‘zi og‘zidan chiqishi bilanoq orzusini amalga oshirdi. Unga an’anaviy egar sovg‘a qilindi va Kemeron mo‘g‘ul otini minib ko‘rdi. 

E’tiborli jihati, Kemeron Mo‘g‘ulistonda paytida mazkur safardan nimani ko‘zlaganini ochiq aytdi. Bu esa oddiy - Markaziy Osiyo mamlakatlariga Buyuk Britaniya hamda mintaqada ta’sir o‘tkazish uchun kurashayotgan Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilish o‘rtasida “tanlov” qilish. 

U Mo‘g‘uliston Tashqi ishlar vaziri bilan ham uchrashib, nodir yer metallari sohasida hamkorlik memorandumini imzolagan.

Qayd etish joiz, o‘tgan yili Mo‘g‘uliston va Buyuk Britaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 60 yil to‘ldi va bu tashrif so‘nggi 11 yil ichida Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri darajasida mamlakatga amalga oshirilayotgan ilk tashrif hisoblanadi.

Toshkentda yana to‘xtagan Kemeron

Esingizda bo‘lsa, yuqorida Kemeron O‘zbekistonga qaytganini aytgandim. Gap shundaki, u Mo‘g‘ulistondan so‘ng yana O‘zbekistonda to‘xtagan. Kemeron Londonga qaytayotganda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan yana uchrashgan. Ammo uning qaytish sababi ochiqlanmagan. Faqatgina Baxtiyor Saidov o‘z kanalida “Buyuk Britaniya-O‘zbekiston munosabatlarini yanada sezilarli natijalar bilan boyitish tarafdori ekanimizni yana bir bor tasdiqladik”, deya qayd etgan, xolos.

Tipirchilab qolgan Rossiya

Har safar Markaziy Osiyoga G‘arbdan biror amaldor kelganda, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushadigan Rossiya bu safar ham jim qarab turmadi.

26 aprel kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng matbuotga bayonot bergan Galuzin Kemeronning O‘zbekistonga tashrifi Rossiyaga maksimal darajada zarar yetkazishga va uni ittifoqdoshlaridan uzoqlashtirishga qaratilganini ta’kidladi. 

"Maqsad – Rossiyaga maksimal darajada zarar etkazish, davlatni yo‘q qilish, uning an’anaviy xorijiy hamkorlari va ittifoqchilarini Rossiyadan uzoqlashtirish", deydi diplomat.

Galuzinning o‘zbekistonlik rasmiylar London niyatining sir-sinoatini ko‘rishiga ishonchi komil. 

O‘zbekiston siyosatshunoslari nima deydi?

Ushbu vaziyatga o‘zbekistonlik siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov o‘z fikrlarini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoga yevropalik diplomat tashrif bilan kelsa, qo‘shtirnoq ichidagi "rossiyalik do‘stlarimiz" joni halqumiga kelgandek tashvish torta boshlaydi.

“Ajablanarli emaski, Yevropa yoki okeanorti o‘lkalaridan biror bir diplomat Markaziy Osiyoga, jumladan O‘zbekistonga tashrif bilan kelsa, "rossiyalik do‘stlarimiz" joni halqumiga kelgandek tashvish torta boshlaydi. Go‘yoki ular bilan hamkorlik qilish Markaziy Osiyo davlatlari uchun mumkin emasdek. Mixail Galuzinning tashrifi va gaplarining ohangi ham "inglizlarning niyati nima ekan?" degan savol va xavotirlar bilan to‘la”, deydi Bo‘ronov.

Shuningdek, Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov ham Kemeronning tashrifiga o‘z fikrlarini bildirgan.

“Uning qarashlari G‘arb davlatlarining an’anaviy “Buyuk og‘a” yondashuvidan farqlanib, mohiyatan o‘zaro manfaatlarga va global muammolarga birgalikda teng ravishda yechim topishga qaratilgan. Ushbu qarashlar keng jamoatchilik o‘rtasida ijobiy qabul qilindi va mintaqa mamlakatlari siyosatchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va qit’aning savdo va siyosiy markazi sifatidagi tarixiy o‘rnini (Buyuk Ipak Yo‘li) tiklash uchun katta imkoniyatni ilk bor qo‘lga kiritmoqda. Bu esa yaqin va uzoqdagi kuchli davlatlar bilan hamkorlikda mintaqaviy tinchlik va taraqqiyotni rag‘batlantirishni, hamda global kuchlarning mintaqamizdagi davlatlarni faqatgina raqobat ob’ekti sifatida ko‘rishni nazarda tutuvchi “Sovuq urush” yoki “Yangi katta o‘yin” dunyoqarashdan voz kechishga chaqirishni taqozo etadi”, deydi Aslanov.


Maqola muallifi

Teglar

Mo'g'uliston Markaziy Osiyo davlatlari Devid Kemeron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made