Devid Kemeronning Markaziy Osiyoga hashamatli samolyotda kelgani tanqid qilindi

Olam

image

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Markaziy Osiyo bo‘ylab safari uchun 42 million funt sterling (52 mln dollardan ortiq) turadigan hashamatli biznes-jetni ijaraga olgani uchun tanqidlar ostida qoldi. Bu haqda "Mirror" nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan hafta Kemeron Embraer Lineage 1000 samolyotida Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istonga besh kunlik tashrif bilan borgan. Shuningdek, u Mo‘g‘ulistonda ham to‘xtagan.

"Tushunamanki, Devid Kemeron bir hafta davomida bir necha mamlakatlarga borish uchun samolyot ijaraga olgan bo‘lishi mumkin, ammo bu bozordagi eng hashamatli xususiy reyslardan biriga soliq to‘lovchilarning yuz minglab funtlarini sarflashni oqlamaydi", deb yozgan muxolifatdagi bosh prokuror (Shadow Attorney General) Emili Tornberi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Tashrif arafasida, jumladan, Tashqi ishlar vazirligi rahbari Britaniya biznesi uchun sarmoyaviy imkoniyatlarni kengaytirish niyatida ekani ma’lum qilingan.

Tashqi ishlar vazirligi tanqidlarga javob berib, bu qirollik manfaatlarini ta’minlashning eng samarali usuli bo‘lganini ta’kidlagan. Tashriflar to‘g‘risidagi barcha qarorlarda narx va sifat mutanosibligi hisobga olinishi, xarajatlar esa odatda shaffoflik nuqtai nazaridan e’lon qilinishi qo‘shimcha qilingan.

O‘tgan yili Britaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Jeyms Kleverli Karib dengizi va Lotin Amerikasi bo‘ylab sakkiz kunlik safari uchun xuddi shu turdagi samolyotdan foydalangani uchun tanqid qilingan edi. Safar yakunlari bo‘yicha TIVga taxminan 348 000 funt sterling miqdoridagi hisob qog‘ozi taqdim etilgan.

Bosh vazir Rishi Sunakga ham Buyuk Britaniya bo‘ylab qisqa masofalarga samolyotda borgani uchun tez-tez "toshlar otiladi".


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo Devid Kemeron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made