Qashqadaryoda Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan qizning to‘yini to‘xtatdi

Jamiyat

image

Bugun, 23 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanida 17 yoshli qizning to‘yi belgilangani aniqlanib, to‘y va unga bog‘liq barcha marosimlar to‘xtatildi. Bu haqda Bolalar ombudsmanining rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, FHDYO tomonidan qayd etilgan nikoh guvohnomasi bo‘lmay shar’iy nikoh o‘qigan diniy vakil javobgarlikka tortilgan. Bu boradagi ishlar tizimli ravishda davom etishi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova erta nikohlar va maktab yoshidagi qizlarga nisbatan unashtiruv marosimlarini o‘tkazilishi kabi salbiy holatlar yuzasidan Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala, Kasbi va Koson tumanlarida o‘rganishlar o‘tkazgan. U ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda erta nikoh holatlarini oldini olish va bu borada mas’ullar oldida turgan muhim vazifalar muhokama etilgan. 

Shuningdek, Bolalar ombudsmani shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan voyaga yetmagan qizlarning turmushga berilgani haqidagi xabarlarni ham o‘rgangan. Holatlar tahlil qilingan.

Tashkil qilingan uchrashuvlarda farzandlarini erta turmushga bermoqchi bo‘lgan ota-onalar ham chaqirtirilib, ularga erta nikohning salbiy oqibatlari tushuntirilgan.

“Bu holatlarga yo‘l qo‘ygan ota-onalar Ma’muriy va Jinoyat kodekslari bilan belgilangan javobgarlikka tortilishi eslatildi. Bolalar ombudsmani unashtiruv marosimi o‘tkazilgan deb ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqagan har bir qiz bilan uchrashib, ular bilan alohida xoli suhbat o‘tkazdi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchisining unashtirilayotgani haqida video tarqalgandi. Holat o‘rganilganda qizning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tug‘ilgan kuni munosabati bilan tashkillashtirilgan marosim ekanini bildirgan. Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi esa videoda tasvirlangan holat qizning tug‘ilgan kuni bo‘lmaganini ta’kidlagandi. Yana bir holatda Kosondagi maktabning 8-sinflaridan 9 nafari allaqachon oilali bo‘lgani, maktab direktori ham yosh qizni kelin qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi buni rad etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo Surayyo Rahmonova erta nikoh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made