Qariya Nazarboyev prezidentlik saylovlarida qatnasha oladimi?
Olam
−
02 Sentabr 2022
8270Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev kuzda bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ishtirok eta olmaydi. Bu haqda bugun, 2 sentyabr kuni Qozog‘iston Adliya vaziri o‘rinbosari Alma Mukanova parlament yig‘ilishida ma’lum qildi.
Qozog‘iston Konstitutsiyasining amaldagi normasiga ko‘ra, Prezident ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas. Vaholanki, avvalroq birinchi Prezident maqomi to‘g‘risidagi qonunda Nazarboyevga cheksiz ko‘p marta saylanish imkonini beruvchi band bor edi.
“Respublika referendumida qabul qilingan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Konstitutsiyadan prezidentlikka ketma-ket ikki martadan ortiq saylanish talabi birinchi Prezidentga taalluqli emasligi haqidagi band chiqarib tashlandi”, deydi Mukanova.
Bundan kelib chiqadiki, Nursulton Nazarboyev bo‘lajak navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida davlat rahbari lavozimiga o‘z nomzodini ilgari sura olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 sentyabr kuni Qozog‘istonning amaldagi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev joriy yilning kuzida navbatdan tashqari prezidentlik saylovi, 2023 yilning birinchi yarmida esa parlamentga navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, davlat rahbari prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishni taklif qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2019 yil 19 mart kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev davlat rahbari lavozimini tark etdi. Ertasi kuni Qozog‘iston Senatining (parlament yuqori palatasi) sobiq rahbari Qosim-Jomart To‘qayev qasamyod qilib, mamlakat Prezidenti lavozimiga kirishdi. Qozog‘istonda 2019 yil 9 iyun kuni navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi va unda To‘qayev 70,96 foiz ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi. Respublikada Prezident saylovi har besh yilda bir marta o‘tkazilardi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi