O‘zbekistonning Turkiy Kengashga qo‘shilishi harbiy-siyosiy blokni nazarda tutadimi?

Jamiyat

image
Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga boradi north_east

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga boradi

Ma’lumki, joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi

Joriy yilning 14-15 oktyabr kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida mazkur Kengashning VII sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi. 

Xo‘sh, 2009 yilda tuzilgan mazkur Kengashga O‘zbekiston nima uchun 10 yil o‘tib a’zo bo‘lyapti? Buning ahamiyati nimada? Bu savol Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Strategik tadqiqotlar instituti vakillari bilan o‘tgan matbuot anjumanida o‘rtaga tashlandi.

Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, institut direkori o‘rinbosari Sanjar Valiyev O‘zbekiston ilgari boshqa tashqi siyosiy maqsadlarga ega bo‘lgani uchun bunday yaqin hamkorlikka qiziqish bildirmaganini qayd etdi. 

“O‘tgan davrda vaziyat o‘zgardi, integratsiya jarayonlari kuchaydi. Zamonaviy sharoitda birorta davlat savdo-iqtisodiy sohada, qolaversa, investitsiyalarni jalb qilishda o‘z imkoniyatlarini mustaqil ravishda rivojlantira olmaydi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga kirish orqali biz barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘lgan Transkaspiy logistika yo‘nalishiga qo‘shilamiz. Xususan, bu Turkiya va Ozarbayjonga o‘z mahsulotlari bilan Xitoy va Janubiy Osiyo bozoriga chiqishga imkon beradi. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston uchun ushbu transport yo‘li Yevropa va Yaqin Sharq bozoriga arzon narxlarda chiqish imkonini yaratadi. Shuningdek, madaniy-gumanitor sohalarda, turizmni rivojlantirish borasidagi masalalarni samarali hal etish mumkin bo‘ladi”, deydi Valiyev. 

Mutaxassisning qayd etishicha, ushbu hamkorlik xavfsizlik masalalariga ham tegishli. 

“Barcha mamlakatlar ekstremistik g‘oyalar, radikalizm va terrorizmning rivojlanishi bilan bog‘liq tahdidlarga duch kelmoqda. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi Markaziy Osiyoda ham, Kavkazda ham mintaqalararo xavfsizlikni saqlash sohasida o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini ta’minlaydi. Bu hech qanday harbiy-siyosiy blokni nazarda tutmaydi. Aksincha, bu huquqni muhofaza qilish organlari va xavfsizlikni ta’minlaydigan maxsus xizmatlarning o‘zaro hamkorligi degani”. 

Shuni ta’kidlash kerakki, joriy yilning 14 oktyabr kuni O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining to‘liq a’zosiga aylanadi.

“15 oktyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Bakuda nafaqat Kengash yig‘ilishida qatnashadi, balki ushbu tashkilotni rivojlantirish uchun bir qator tashabbuslarni ham ilgari suradi. Mazkur tashkilotga a’zo bo‘lgach, a’zo mamlakatlar orasida aholisi ko‘pligi bo‘yicha Turkiyadan keyin ikkinchi mamlakat bo‘lamiz. Bizning ushbu Kengashga a’zo bo‘lishimiz barcha a’zo davlatlar, ijro organlari va kotibiyat tomonidan ma’qullandi”, deydi Valiyev.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasiga ilk tashrifi bo‘ladi. Tashrif natijalariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilishi kutilmoqda.  
 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi

Baholaganlar

39

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing