250 000 dollardan qatlgacha – dunyo mamlakatlarida karantinni buzganlarni qanday jazo kutadi?

Olam

image
Karantinga olingan hududlarda nazorat kuchaytirildi north_east

Karantinga olingan hududlarda nazorat kuchaytirildi

Butun dunyo koronavirus bilan qattiq kurashmoqda. O‘z navbatida, virus ham kun sayin shiddat bilan sayyora bo‘ylab tarqalmoqda. Qanchadan qancha odamlarning yostig‘ini quritmoqda. Har bir davlat koronavirus yoyilishining oldini olish maqsadida karantin joriy etmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham ba’zi karantin va cheklov tadbirlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ammo, afsus bilan ta’kidlash lozimki, olib borilayotgan chora-tadbirlarga tushunmay yoki ularni mensimay, o‘zining ham, o‘zgalarning ham hayotini xavf ostiga qo‘yib, karantinga olingan hududlardan qochib ketayotgan fuqarolar ham uchramoqda. Buni so‘nggi ikki kunda Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi karantin markazlaridan qochgan shaxslar misolida ham ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, yani 257-1-moddasida qayd etilgan jinoyatni sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash nazarda tutilgan.

Xo‘sh, bu borada xorij davlatlarida qanday choralar ko‘riladi, karantin qoidalarini buzganlar qay tartibda jazolanadi?

Karantin qoidalarini buzganligi uchun Argentinada 3 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 1600 dollar jarima jazosi qo‘llaniladi. Singapurda esa 7000 dollar jarima va 6 oy qamoq jazosiga tortiladi. 

AQSHda bu jazo yanada og‘irroq. Qo‘shma Shtatlarda karantin qoidasi buzilishi oqibatida odamlar vafot etgani aniqlansa, 250 000 dollar jarima yoki bir yil qamoq, vafot etmasa 100 000 dollar yoki bir yillik qamoq jazosi qo‘llaniladi.

Fransiyada Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘iga binoan har qanday chora qo‘llanilishi mumkin. 

Avstraliyada bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi yoki 50 000 dollar. Italiyada karantinni buzganlik uchun jazo biroz yengilroq - 206 yevro jarima yoki 3 oy qamoq. Ukrainada agar qoida buzilishi oqibatida odamlar vafot etsa, jarimaga tortilmaydi – 5-8 yilgacha qamoq jazosi beriladi. Agar vafot etmasa 51 000 griven yoki uch yilgacha qamoq jazosiga tortiladi. 

Janubiy Koreyada karantin tartibi buzilganda 8 200 AQSH dollari miqdorigacha jarima yoki bir yilgacha qamoq jazosi qo‘llaniladi. Canitar nazorati xizmatidagilarga qarshilik ko‘rsatganlar 700 AQSH dollari miqdorigacha jarimaga tortilishi mumkin.

Ozodlikdan mahrum etmay, faqat jarima bilan chegaralanadigan davlatlar ham bor. Ular sirasiga Ispaniya (1500 dan 600 000 yevrogacha), Malta (14 000 yevro), Polsha (1200 yevro), Slovakiya (1650 yevro), Xorvatiya (1100 dan 15 000 yevrogacha), Chexiya (130 000 dollar) kiradi.

Xitoyda karantin qoidalarini buzganlik uchun 700 dollar jarima yoki uch yilgacha qamoq jazosi qo‘llaniladi. Agar u ataylab shu ishni qilgani isbotlansa, 10 yildan to umrbod qamoq jazosigacha tayinlanadi yoki qatl etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

karantin

Baholaganlar

195

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing