Qonunchilik palatasida odamlarning eng og‘riqli muammolaridan biri ko‘tarildi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da “Xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining hamda shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining mavjud tarmoqlarining bugungi holati, ularni yaxshilash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, deputatlarning o‘z saylov okruglaridagi uchrashuvlari davomida keng aholi qatlami tomonidan muntazam ko‘tarilayotgan og‘riqli muammolardan biri ekanligi mazkur masalaning naqadar dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan “Hukumat soati”ga quyi palata deputatlariga axborot hamda savollarga atroflicha javob berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov taklif etilgan.

Dastlab parlament vakillari ko‘targan masala yuzasidan qo‘mita tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berilgan. 

Sohada malakali kadrlar tayyorlanishining mutlaqo yangi tizimini shakllantirishda, xorijiy davlatlarda talabalar amaliyotini tashkil etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, qo‘shma adabiyotlar chop etish masalalarini rivojlantirish hamda avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi jarayoni, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, avtomobil harakat oqimini samarali boshqarishda xalqaro maydonda keng foydalanilayotgan zamonaviy dasturiy ta’minotlar litsenziyalarini xarid qilish choralari ko‘rilayotgani qayd etildi.

Deputatlar tomonidan qo‘mita faoliyatiga munosabat bildirilib, joylardagi muammolar aniq dalil va misollar bilan keltirib o‘tildi. Xususan, yo‘llarning sifatsiz qurilishi aholi yoki davlatga nafaqat iqtisodiy zarar, balki boshqa talafotlarni ham keltirib chiqarmoqda. Yo‘l-transport hodisalarining muayyan qismi aynan yo‘llarning nosozligi tufayli sodir bo‘layotgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, yo‘llarni sifatli va uzoq muddatli xizmat qilishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar talab darajasida emasligi ham tanqid ostiga olindi. Deputatlar yo‘l qurilishida zarur materiallar va texnikaning yetishmasligi, ichki yo‘llarda belgilangan me’yordan ortiq vaznga ega yuk avtomobillarining harakatlanishini cheklash, avtomobil yo‘llarini risoladagidek holga keltirishda davlat va xususiy sektor munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar talab darajasida emasligiga e’tiroz bildirgan.

“Hukumat soati”da yo‘llarning bugungi holati, ularni yaxshilash borasida qilinayotgan ishlarni jadallashtirish, sifatini oshirish yuzasidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga tavsiyalar berilgan. Bu borada samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olingan.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan esa, masalaning dolzarbligi, mavjud kamchilik va muammolarning respublikamizning har bir hududida mavjudligi hisobga olinib, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziriga parlament so‘rovi yuborish taklifi bildirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

yo'l Qonunchilik palatasi Hukumat soati

Baholaganlar

18

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing