Endi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi aralash tizim asosida o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Bu bo‘yicha kecha, 18 dekabr kuni Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan bir qator qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Jumladan, Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra:

  • Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 75 ta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi;
  • Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish uchun O‘zbekistonning butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi;
  • partiya ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin, ushbu ro‘yxatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi;
  • partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas; 
  • deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi;
  • ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har 5 nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.

Shuningdek, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik o‘rinlari ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining 7 va undan ko‘proq foizini to‘plagan siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanadi.

Agar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining 7 va undan ko‘proq foizini faqat bitta siyosiy partiya to‘plagan bo‘lsa, unda deputatlik o‘rinlari saylovda saylovchilarning eng ko‘p ovozini to‘plagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi. 

Markaziy saylov komissiyasi deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida bayonnoma tuzadi.

Partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan deputatlar o‘rtasida deputatlik mandatlarini taqsimlash Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan partiya ro‘yxatiga kiritilgan deputatlikka nomzodlar ketma-ketligiga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Qonunchilik palatasining kamida 5 nafar deputati fraksiya tuzish huquqiga ega (ilgari kamida 9 nafar edi). 

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Qonunchilik palatasi aralash saylov tizimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing