Imomali Rahmon fuqarolarni xalq sha’niga dog‘ tushirmaslikka chaqirdi

Olam

image

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon respublika fuqarolarini siyosiy hushyor bo‘lishga, tojik xalqi sha’niga dog‘ tushirmaslikka, manfaatdor kuchlar tomonidan kattalar va bolalardan foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu haqda u Ramazon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida aytib o‘tdi.

“Biz farzandlarimizni shunday tarbiyalashimiz kerakki, ular ulug‘vor ajdodlarimiz nomi va xotirasiga munosib bo‘lib, xalqaro maydonda davlat va millatning obro‘-e’tibori, hurmatini yuksaltirsin, hech qanday holatda tojik xalqi sha’niga dog‘ tushirmasin”, degan u.

Rahmonga ko‘ra, o‘z xalqini sharmanda qilgan shaxs qadimiy va boy madaniyatga, jahonga mashhur tamaddunga ega bo‘lgan tojik xalqi uchun noloyiqdir. Qolaversa, u dunyoda keskinlik kuchayib borayotganini, bu o‘ta og‘ir va xavfli sharoitda fuqarolar va bolalarning manfaatdor kuchlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Shuningdek, u siyosiy hushyorlikka, milliy qadriyatlarni anglashga, qonun talablariga rioya qilishni har kuni majburiy odatga aylantirishga, bayramni nishonlash chog‘ida ortiqcha isrofgarchilik va dabdababozlikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

Tojikiston rahbari fuqarolar pulni isrof qilib, to‘kin dasturxon yozgandan ko‘ra, xayrli ishlar bilan shug‘ullanishi ma’qul ekanini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon tojikistonliklarning ko‘p marotaba Hajga borishidan noroziligini bildirgan edi. Rossiyadagi teraktda tojik fuqarolari ayblanishi ortidan esa u terrorchilarning millati, vatani, dini bo‘lmasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

chaqiriq Imomali Rahmon tojik xalqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made