Pandemiyaga qarshi kurashga yo‘naltirilgan pullarning sarflanishi bo‘yicha tekshiruv boshlandi

Jamiyat

image

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va uni oldini olishga yo‘naltirilgan pul mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha tekshiruv boshladi. Bu haqda agentlikning Telegram’dagi kanalida xabar berildi. 

Xabarda ta’kidlanishicha, Andijon, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va boshqa hududlarda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari tomonidan katta miqdordagi pul mablag‘lari noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlangan. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga fuqarolardan ushbu masala yuzasidan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Ayrim mansabdorlar tomonidan bunday hatti-harakatlarning, ayniqsa, pandemiya munosabati bilan yuzaga kelgan murakkab davrda amalga oshirilishi aholining keskin e’tirozi va noroziligiga sabab bo‘lgan. 

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-son Farmonning 2-bandi talablari doirasida Agentlik keng qamrovli o‘rganishlar boshlanganligini ma’lum qilmoqda. 

“Qayd qilingan farmonning 3-bandiga asosan, korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini tahlil qilish Agentlikning bevosita vazifasi hisoblanadi. Tahlil natijalari jamoatchilik e’tiboriga yetkaziladi”, deyiladi rasmiy xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti tomonidan O‘zbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat jamg‘armasi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvning dastlabki natijalari haqida axborot berildi.

Unga ko‘ra, mas’ullar o‘zaro oldindan til biriktirib, dori vositalari va tibbiyot uskunalarini qimmat narxlarda sotib olib, jamg‘armaning 2,8 mlrd so‘m mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha to‘laqonli taftish tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi

Baholaganlar

127

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing