Prezident: “Hozirgacha 4 nafar fuqaromiz tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgan”

Jamiyat

image

1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on devori buzilib, suv toshqini yuzaga kelishi oqibatida 4 kishi vafot etgan, bir kishi esa bedarak yo‘qolgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni videoselektorda aytib o‘tdi.

Prezidentning ma’lum qilishicha, suv toshqini tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlarida evakuatsiya qilingan 90 mingga yaqin kishidan 53 mingdan ortig‘i o‘z uylariga qaytgan.

“Xabaringiz bor, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Ularning barchasiga birinchi darajali zarur sharoitlar yaratilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazilmoqda.

Suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi ishlamoqda. Zarar yetgan uy-joylarni tiklash va ta’mirlash, odamlarni o‘zining tiklangan uyiga qaytarish va ro‘zg‘origa yordam berish, infratuzilmani tiklash, aholi salomatligini himoya qilish bo‘yicha barcha masalalar hal qilinmaguncha Sirdaryoga biriktirilgan har bir rahbar kuchaytirilgan safarbarlik rejimida ishlaydi.

Bu hududlardagi odamlarning hayotini nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki uni yanada yaxshilash kerak. Ularga yangi uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar barpo etib, yangi ish o‘rinlari yaratib berishimiz shart, deb hisoblayman.

Bugungi kunda qator mahallalarda keng qamrovli tozalash-tiklash ishlari amalga oshirilyapti, natijada 53 mingdan ziyod aholi o‘z uylariga qaytishi yoki yaqin qarindoshlari uyiga ko‘chib o‘tishi ta’minlandi.

Takror aytaman, davlatimiz, jamiyatimiz hech kimni bunday kutilmagan falokatlar qarshisida yolg‘iz va e’tiborsiz qoldirmaydi”, degan Prezident.

Davlat rahbari ushbu hodisa to‘rt kishining umriga zomin bo‘lgani haqida ma’lumot bergan. Jumladan Milliy gvardiyaning 2 xodimini kuchli oqim oqizib ketganini ta’kidladi.

“Odamlarimiz hayotini saqlab qolish va evakuatsiya qilishda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari muhim rol o‘ynadi. Bugungi kunda ular avariya va tiklash ishlariga keng jalb etilgan.

Afsuski, hozirgacha 4 nafar fuqaromizning tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgani, 1 nafari bedarak yo‘qolgani aniqlandi. Jumladan, aholini xabardor qilish va qutqaruv ishlarini olib borish jarayonida Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimini kuchli suv oqimi olib ketgan. Ular o‘z jonini fido qilib, yuzlab, minglab insonlar hayotini saqlab qolishdi.

Halok bo‘lganlarning yaqinlari va oila a’zolariga o‘zimning chuqur hamdardligimni bildiraman.

Yigitlarimizning jasorati barcha kasbdoshlari va yoshlar uchun Vatanga, xalqimizga sodiqlik va fidokorona xizmat qilishning namunasi bo‘lib qoladi.

Albatta, Buxoro va Sirdaryodagi ofatlar Yaratganning bizga yuborgan sinovi. Bunga sabr qilishimiz, qattiq mehnat bilan, birgalikda yorug‘ yuz bilan o‘tishimiz kerak”, degan Prezident.

Avvalroq, Sirdaryoda qutqaruv ishlari vaqtida Milliy gvardiya xodimi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Sardoba suv ombori

Baholaganlar

112

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made