YeOII bilan hamkorlik O‘zbekistonning Tojikiston va Turkmaniston bilan aloqalariga zarar bermaydimi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalasi bir necha oydirki muhokama mavzusi bo‘lib turibdi. Ayni vaqtda hamkorlikning ijobiy va salbiy jihatlarini o‘rganish Oliy Majlisga yetib kelgan.

Kecha, 10 aprel kuni Qonunchilik palatasida shu shaklda o‘tkazilgan “Hukumat soati”da hukumat a’zolari O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligiga oid masala yuzasidan deputatlarning savollariga javob qaytardilar.

Xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirovning, YeOII bilan munosabatlar ittifoqqa a’zo bo‘lmagan qo‘shni davlatlar – Tojikiston va Turkmaniston bilan iqtisodiy va siyosiy munosabatlarga qanday ta’sir qilishi tahlil qilinganmi, degan savoliga Bosh vaziri o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov javob qaytardi.

“Ta’kidlash joiz, ushbu ikki qo‘shni mamlakat bilan amaldagi ikki tomonlama va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi doirasidagi keng  qamrovli kelishuvlar doirasida hamkorlik olib borilmoqda. Iqtisodiy, siyosiy munosabatlarimiz rivojlanishida tizimli ishlarning davom ettirilishi albatta, biz uchun ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Shu o‘rinda alohida aytib o‘tish lozim, masalan Tojikiston 2015 yildan beri YeOII integratsiyalashuv masalasini o‘rganib kelmoqda. Shu bilan bir paytda Tojikiston YeOII davlatlari tomonidan tashkil etilgan Yevroosiyo taraqqiyot banki bilan faol hamkorlik qilib keladi. Turkmaniston bilan ham biz juda yaqin savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, umuman har tomonlama munosabatlarni davom ettirishga harakat qilyapmiz. Turkmaniston tomonidan ham hozirgi paytda dunyoda tarkib topayotgan integratsion tashkilotlar bilan turli ko‘rinishdagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan harakatlar olib borilayotganini ta’kidlash lozim. Ana shu omillarni inbatga olib, YeOII bilan hamkorlik qilmoqchi bo‘lgan yo‘nalishimiz bo‘yicha rejalarimiz mazkur davlatlar bilan munosabatlarimizga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga ishonamiz”, dedi Umurzoqov.

Bundan tashqari, YeOII bilan hamkorlikning chuqurlashish darajasini hisobga olgan holda iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, jumladan, tashqi raqobatdan nisbatan himoyalangan sanoat tarmoqlarining o‘rta va uzoq muddatda rivojlanish ssenariylari va ularning oqibatlarini baholashga oid Hukumat vakillarining tahlillari natijalariga e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, siyosiy partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalar a’zolari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda YeOII bilan hamkorlik masalasi bo‘yicha aholi (elektorat) bilan doimiy muloqotlar olib borilayotgani hamda aholining ushbu masalalarga qiziqishi ortib borayotgani aytib o‘tildi.

Muhokamalardan so‘ng Hukumat vakillariga O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiyalashuvning tashqi savdo, bojxona-tarif tizimini tartibga solish, byudjetga ta’sirini chuqur tahlil qilish, hamkorlikning bank va moliya sohasi, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarini yanada rivojlanishi istiqbollarini har tomonlama o‘rganish, shuningdek, ushbu masala bo‘yicha ilg‘or xorijiy ekspertlar va mutaxassislarning asoslantirilgan xulosalarini umumlashtirish vazifalari yuklatildi.

Qayd etilishicha, yaqin kunlarda ushbu masala bo‘yicha  parlament kuyi palatasida “Parlament eshituvi” o‘tkazish ham rejalashtirildi.

Avvalroq, ayni masalada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-EOII

Baholaganlar

85

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing