O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarni davolayotgan shifokorlar o‘rin almashdi

Jamiyat

image

Bugun, 12 aprel kuni Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasining koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan bir guruh tibbiyot xodimlari Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tomonidan chuqur minnatdorlik izhor etilib, yuksak ehtirom bilan reabilitatsiyaga kuzatildi. Endilikda ular o‘rnida navbatdagi fidoyi tibbiyot xodimlari faoliyat boshlashadi.

Shu o‘rinda e’tirof etish kerakki, mazkur klinikaning bilimli va matonatli jamoasi sa’y-harakatlari tufayli shu kungacha jami 37 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi. Tez fursatlarda ushbu klinikadan yana o‘nlab bemorlarning sog‘ayib chiqishi kutilmoqda. Ayna paytda bu yerda 112 nafar bemorga shifokorlar tomonidan kecha-yu kunduz xalqaro standartlar asosida, samarali davolash muolajalari olib borilmoqda.

“Bemorlarning sog‘ayishi yo‘lida klinikamizda bor mahoratini ishga solib, fidoyilik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarining o‘rni alohida. Davolash jarayonida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, shuningdek, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan foydalanilmoqda. Bundan tashqari, yurtimizning pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog kabi yetuk mutaxassislari bilan telemuloqot o‘rnatilib, zarur tavsiyalarni olishayotgani ham shifokorlarimizga qo‘l kelmoqda. Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolayotgan viloyatlarimizdagi tibbiyot muassasalari shifokorlari bilan ham doimiy muloqotda bo‘lib, tajriba almashib turibmiz”, deydi tibbiyot fanlari doktori, professor, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori Erkin Musabayev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, koronavirusga chalinganlar 796 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 42 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

210

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing