Diqqat, haydovchilar! Avtomatik qayd etiladigan qoidabuzarliklar bittaga ko‘paydi

Jamiyat

image

Endilikda 3.27 (“To‘xtash taqiqlangan”) yo‘l belgisini e’tiborga olmaslik holatlari ham avtomatik tarzda qayd etiladi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati xabar berdi.

AutoCon-SC/M kompleksining dasturiy ta’minoti modernizatsiyalangani natijasida avtomatik tarzda qayd etiluvchi qoidabuzarliklarning ro‘yxati kengaygan. Yangi imkoniyatning sinovi kecha, 25 mart kunidan boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri IIBB YHXBning ba’zi maxsus avtomobillari AutoCon-SC/M kompleksi bilan jihozlangan. Old tomon oyna ortiga o‘rnatilgan videokamera 58 ta davlat avtomobillarining raqamlarini aniqlay oladi va yo‘l harakati qoidalarini avtomatik tarzda (inson aralashuvisiz) qayd etadi. 

3.27 yo‘l belgisini mensimaslik holatlarini qayd etish maxsus avtomobil tomonidan shahar bo‘ylab harakatlanish davomida amalga oshiriladi. Qoidabuzar to‘g‘risidagi ma’lumotlar shu zahotiyoq (onlayn tarzda) yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining kompyuter tizimiga kelib tushadi (YHXBKT).

Qayd etilgan qoidabuzarlik to‘g‘risida propiska manzili bo‘yicha yo‘llangan xat orqali, yoki 8860 raqamiga Avtomobil davlat raqam belgisi probel seriya + texpasport raqami (masalan: 01A123AA AAC1234567) ko‘rinishdagi SMS-so‘rovnoma jo‘natib ma’lumot olish mumkin. Bir dona kirish SMS xabarining narxi 210 so‘mga teng. Xizmat faqat UMS, Ucell, Uzmobile va Beeline abonentlari uchun faoliyat yuritadi. 

Avtomobilning 3.27 yo‘l belgisi ostida to‘xtash O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128/6-moddasiga muvofiq, EKIHning 3 baravari (608 190 so‘m) miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tizim quyidagi tarzda ishlaydi: patrul avtomobili ma’lum hudud bo‘ylab ikki marta 5-10 minut vaqt farqi bilan harakatlanadi. Birinchi marta raqamlar qayd etilib, ular qoidabuzar maqomiga nomzod hisoblanishadi. Ikkinchi marta harakatlanganda esa qoidubazar bo‘lmagan haydovchilar ro‘yxatdan o‘chiriladi.

Ma’lum hudud bo‘ylab ikki marta harakatlanish natijasida olingan ma’lumotlar tizim tomonidan solishtirilib, tahlil etiladi. Agarda avtomobil piyodani o‘tkazib yuborayotgan bo‘lsa, u tizimdan o‘chirilib, haydovchi qoidabuzar hisoblanmaydi. Agar avtomobil nosoz holatga kelib qolib, to‘xtab qolgan bo‘lsa, qonun bo‘yicha u avariyaviy to‘xtash belgisini chiqarib qo‘yishi zarur, tizim esa ushbu belgini qayd etib, avtomobilni qoidabuzarlar bazasiga kiritmaydi.

Tizim faoliyati 3.27 belgisi misolida o‘zini oqlasa, 3.28 “To‘xtab turish taqiqlangan” belgisini ham qayd etishni boshlaydi. Bu hollarda patrul avtomobili hududni o‘n minutdan so‘ng qayta kesib o‘tadi. Agarda 3.28 belgisi ostida turgan avtomobil raqami qayta qayd etilsa – to‘xtash va to‘xtab turish qoidasi buzilganligi aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, kamera qoidabuzarlikni qayd etib, ma’lumotni Tahlil markaziga yo‘naltirganidan keyin, haydovchiga nisbatan bir qator cheklovlar qo‘yiladi. Xususan, siz IIBB YHXBning tumanlararo bo‘linmalarida texnik ko‘rikdan o‘tishingiz yoki mashinangizni sotish maqsadida boshqa shaxsning nomiga qayta rasmiylashtirishingiz mumkin bo‘lmaydi. Ushbu cheklov avtomobilning potensial xaridorini “qarzdor” mashina sotib olishdan saqlaydi. 

Shuningdek, 60 kunlik muddat tugashi bilan ham jarima to‘lanmagan bo‘lsa, AutoCon-SC/M tizimi ma’lumotlarni avtomatik tarzda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi Majburiy ijro byurosiga yo‘naltiradi, sizning transport vositangiz esa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga muvofiq jarima maydonchasiga joylashtiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent To'xtash taqiqlangan qoidabuzarlik

Baholaganlar

18

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made