Mirziyoyevdan uzoqlashgan Umurzoqov, Saidani maqtagan Bayden, dakki eshitgan Qudbiyev, qulagan ko‘prik va sobiq hokimi javob berayotgan Qibray – Hafta tahlili

Tahlil

It odamni emas, odam itni tishlagani yangilik. Hafta davomida sodir bo‘lgan voqealarni saralashda shu qoidaga amal qilamiz va ayrim hollarda bir haftalik dasturimizga yetadigan darajada muhim voqealarni topib bo‘lmay qoladi. Ammo bu hafta shu qadar qaynoq, shu qadar yuqorida men aytgan tamoyilimizga mos va xos bo‘lgan voqealar sodir bo‘ldiki, qay biridan boshlasam ekan, deb rosa bosh qotirdim. Bu yil oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan yigit-qizlarning yarmi loqal 56,7 bo‘lgan kirish balini ham to‘play olmaganimi, dollarning oshganidan tez urishni boshlagan yuragim endigina o‘z o‘rniga tushganda AI-92 markali benzin narxi 600 so‘mga oshib turganimi, tushishi va’da qilingan dollarning kun sayin oshib ketayotganinimi, qay birini aytay? Aytsam tilim, aytmasam dilim og‘riydi. Demak, navbatdagi hafta voqealari tahlili bilan tanishing.

Ko‘prik bitmay turib quladi

Haftalik tahlilimizni o‘tgan haftaning oxirida sodir bo‘lib, hafta boshida katta muhokamalarga sabab bo‘lgan, ammo bundanda og‘riqli mavzular qatorida juda tez unutilayozgan fojiani eslatishdan boshlasam. 

12 avgust kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani “Bobur” ko‘chasidan Islom Karimov nomidagi “Toshkent xalqaro aeroporti”ga olib boruvchi va “Sodiq Tolipov” ko‘chasiga chiqish va tushishga imkon beruvchi yo‘l o‘tkazgichni qayta qurish ob’ektida uzunligi 42 metrlik 5 dona balkalar qulab tushgan.

Yo‘l o‘tkazgich qurilishi Toshkent shahar hokimiyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan edi. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bergan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan, biroq tarqalgan videodan ko‘rish mumkinki, bitta kran beton to‘sinlar ostida qolgan. 

Transport prokuraturasi ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 3 nafar mansabdor ushlangani, hodisa oqibatida 2 mlrd 760 mln so‘mlik zarar yetganini ma’lum qildi. 

Yo‘l o‘tkazgichning qulashi sabablarini o‘rganish uchun hududga yetib kelgan jurnalist va uning operatori hududdan haydab chiqarildi, operator do‘pposlandi, kamerasiga zarar yetdi. Voqea yuzasidan IIV Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mushtumzo‘r xodimni esa ish joyidagilar yaxshi gaplar bilan esladi. 

“Kecha sodir bo‘lgan voqea juda yomon holat. Qo‘l ostimda ishlaydigan ish boshqaruvchim juda og‘ir-bosiq, uncha-bunchaga jahli chiqavermaydigan odam edi. U hozir ishdan bo‘shatildi. Men uning ishini oqlamoqchi emasman, ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor: jurnalistlar hududga kirganida maxsus kiyimlar bilan talablarga rioya qilgan holda kirishsa, hech kim ularni haydamaydi, hech kim urolmaydi. Biz ham intervyu olish, videomaterial tayyorlashga ko‘maklashgan bo‘lar edik”, deydi “Ko‘prikqurilish” UK 67-qurilish otryadi bosh muhandisi Jahongir Nabiyev.

Men sizga aytsam, bungacha ham jurnalistlar do‘pposlangan, ularning kasbiy faoliyatini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilingan va ko‘p hollarda o‘sha qo‘liga erk berganlar jazodan qutilib qolgan. Bu birinchisi emas, ishonamanki, oxirgisi ham bo‘lmaydi. Bugun jurnalistni do‘pposlash oson. Holat bundan oldingilari kabi bezorilik yoki shunga o‘xshagan moddalar bilan malakalanadi. Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi deyishadi. Jurnalistning faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilishni jinoiy javobgarlik sifatida belgilash haqida rejalar esa unutilib, gaplar quruq va’daligicha qolib ketaveradi. 

“GUVD”dan o‘lik chiqdi 

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida 33 yoshli fuqaro vafot etdi. Bu haqda boshqarmaning o‘zi xabar berdi. Men hozir o‘qib beradigan barcha ma’lumotlar IIBBga tegishli va bularga QALAMPIR.UZ’ning aloqasi yo‘q. 

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan Toshkent shahri xududida o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgan uyushgan jinoiy guruhning jinoiy faoliyatini fosh etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (“Odam o‘g‘irlash”), 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Tovlamachilik”) va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Bezorilik”) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida, tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 29 iyul kuni soat 22.00larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi “Birodarlar qabristoni” hiyoboni oldida 7-8 nafar shaxslardan iborat bo‘lgan jinoiy guruh 1986 yilda tug‘ilgan fuqaroni urib-do‘pposlab, so‘ng avtoulovga majburlab o‘tkazib, noma’lum xonadonga olib borib, jabrlanuvchini erkiga zid ravishda ushlab turib, unga nisbatan kuch ishlatgan holda pul talab qilganlar. Shuningdek, jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazgan holda, Turkiya davlatida bo‘lgan noma’lum shaxslardan go‘yoki 860 ming AQSH dollari miqdorida qarz olganligi haqida majburlab tilxat yozdirib olishgan.

Shuningdek tergov jarayonida aniqlanishicha, joriy yilning iyun oyida ushbu jinoiy guruh a’zolari tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaroni Turkiya davlatida bo‘lgan davrda 2 kun davomida erkiga zid ravishda noma’lum xonadonda majburlab ushlab turib, jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazish yo‘li bilan ota-onasi nomidagi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 300 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 2 ta hovlini jinoiy guruh a’zolari nomiga rasmiylashtirishga erishganlar. Jabrlanuvchi shaxs ushbu jinoiy guruhning tajovuzlari va tazyiqlaridan qo‘rqib, mazkur holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki tibbiyot muassasalarga murojaat qilmay kelgan, biroq joriy yilning 31 iyul kuni sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli, shifoxonaga “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng yanoq suyagi sinishi, tanasida ko‘plab shilingan jarohatlari” tashxisi bilan yotqizilgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bir qator tezkor tadbirlar natijasida, mazkur uyushgan jinoiy guruh a’zolaridan 2 nafari – 1990 yilda va 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro aniqlanib, qo‘lga olingan. 

12 avgust kuni 1991 yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida u o‘zini yomon his qilayotganligini aytib, to‘satdan yiqilib hushini yo‘qotgan. Holat bo‘yicha tez-tibbiy yordam chaqirtirilib, ichki ishlar organi xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, biroq tez-tibbiy yordam kelgunga qadar fuqaro hushiga kelmay, vafot etgan. Birlamchi tashxisga ko‘ra gumonlanuvchining o‘limi “Jigar sirrozi og‘ir stadiyasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi” oqibatida yuzaga kelgan.

Yuqorida bayon qilganlarimning hammasi Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotlar. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Ichki ishlar o‘z bayonotida bir marta vafot etgan fuqaro gumonlanuvchi ekanini eslatyaptiyu nega jinoyatga oid ma’lumotlarni qayd etayotganda hali sud hukmi bo‘lmay turib, o‘sha fuqarolar bu jinoyatni sodir etgani aniq isbotlangandek bayon qilinyapti. Aybsizlik prezumpsiyasi qayerda qoldi? Jinoyat haqiqatdan sodir etilgan yo etilmagani bo‘yicha oxirgi so‘z haqqi sudniki emasmi? 

Darvoqe, Bosh prokuraturaga ko‘ra, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasidan o‘lik chiqishi ortidan bir qator tergov harakatlari o‘tkazish zarurati tug‘ilgani sababli, Jinoyat kodeksining 206-(Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 235-(Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boya jurnalistning do‘pposlanishi va aybdorlar jazodan qutilib qolishi birinchi holat emasligini aytgandim. Jumladan, ichki ishlar organlariga o‘z oyog‘i bilan kirib borgan fuqaroning u yerdan jasadi olib chiqilishi ham birinchi marta uchrayotgani yo‘q. Joriy yilning 3 iyun kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida fuqaro IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etgandi. O‘shanda ham lo‘li elatiga mansub bo‘lgan 36 yoshli fuqaro marhum Usmon Salimboyevni noqonuniy so‘roq qilgan va jarohat yetkazgan xodimlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xuddi o‘sha paytda“Yuksalish” umummilliy harakati IIV tizimini isloh qilish bo‘yicha 10 taklif bilan chiqib, so‘nggi ro‘y bergan qiynoq holatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati batafsil axborot berishi hamda tizimda qiynoqlarga barham berish bo‘yicha aniq rejalarini jamoatchilikka taqdim etishi kerakligini aytgandi. Ammo hali natijalar ko‘ringanicha yo‘q. 

Sardor Umurzoqov Administratsiya rahbarligidan ketdi

Tugayotgan haftaning jurnalistlar ta’biri bilan aytganda “haqiqiy bomba” xabari 2022 yilning 16 iyulidan boshlab Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Sardor Umurzoqovning vazifasidan ozod qilinishi bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Undan oldin ushbu lavozimda ishlagan Zaynilobiddin Nizomiddinov qariyb olti yil Prezident Administratsiyasini boshqarganini hisobga olsak, bir yil juda oz fursat. Umurzoqov nima uchun bu lavozimdan chetlatilgani sabablari ochiqlanmadi, ammo uning ketishi ortidan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi ham tugatildi. 

Shuningdek, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan Administratsiya tuzilmasiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Administratsiya rahbari lavozimiga mos ravishda uning hududlardagi yordamchilari lavozimlari, Administratsiya rahbarining hududlardagi yordamchilari kotibiyatlari va ushbu kotibiyatlar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘’basi ham tugatildi.

Umurzoqov esa ishsiz qolgani yo‘q. U shu kunning o‘zida Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Sardor Umurzoqov 1977 yil 23 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini va Buyuk Britaniyaning Reding universitetini tamomlagan.

2007 yilda Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘i o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari, Toshkent shahar G‘aznachiligi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2014-2017 yillarda “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisining maslahatchisi, 2017-2018 yillarda rais o‘rinbosari bo‘lgan. Uyushma qayta tashkil etilib, “O‘zcharmsanoat”ga aylantirilgach, 2018-2019 yillarda unga raislik qilgan. 2019 yil 28 yanvarda Investitsiyalar va Tashqi savdo vaziri etib tayinlangan. 2020 yilning mart oyidan Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Uzunquloq gaplarga qaraganda, Prezident Administratsiyasidagi o‘zgarishlar shu bilan tugagani yo‘q. Tez orada yangi va shov-shuvli tay    inlovlar kutilmoqda. 

Darvoqe, 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev doimiy an’anaga sodiq qolib, tadbirkorlar bilan uchrashdi. Prezident Matbuot xizmati taqdim etgan suratlar va televideniyeda efirga uzatilgan uchrashuvda Sardor Umurzoqov ishtirok etgan bo‘lsa-da, suratlarda umuman ko‘rinmadi, televideniye efirida ham yirik planda ko‘rsatilmadi. 

Bayden Mirziyoyevga qizi Saidani maqtab maktub yozdi

AQSH Prezidenti Jozef Bayden O‘zbekiston Prezidentiga maktub yo‘lladi. U o‘z xatida AQSH va O‘zbekiston strategik hamkorligi yo‘lida Mirziyoyev bilan ishlaganidan, uning qizi Saida Mirziyoyevani Vashingtonda kutib olish sharafiga muyassar bo‘lganidan mamnunligini bildirgan: 

“Sizning rahbarligingizda Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash yo‘lida ishlaganimiz uchun tashakkur. 

O‘tgan yil davomida biz hamkorligimizni yangi marralarga olib chiqdik, jumladan, savdo va investitsion aloqalarimizni mustahkamlash, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy muammolarni hal qilishda birgalikda ishladik”, deydi Jozef Bayden.

U o‘z so‘zida, Vashington O‘zbekistonda Mirziyoyev boshchiligida olib-borilayotgan islohotlarni qat’iyat bilan qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Joriy yilning mart oyida Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva AQSHga borib, suv masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan BMT anjumanida O‘zbekiston nomidan chiqish qilib, Vashingtonda bir qator rasmiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazgani xabar qilinganiyu lekin uning Oq uyda mehmon bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagandi. Bayden o‘z maktubida Saida Mirziyoyevaning Oq uyga borganini ham xotirlagan:

“Qizingiz Saidani shu yil boshida Oq uyda kutib olish sharafiga muyassar bo‘ldik. Uning himoyasi va sizning gender hamda oilaviy zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortishdagi dadil qat’iyatingiz tahsinga sazovor”.

Bayden maktub so‘ngida Mirziyoyevni an’anaviy ravishda sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yig‘ilishida ishtirok etishga taklif qilgan. 

“Men yaqinlashib kelayotgan BMT Bosh Assambleyasini intiqlik bilan kutaman, unda biz xalqlarimiz hayotidagi eng muhim vazifalarni hal qilishda muvaffaqiyatga erishamiz. Umid qilamanki, siz men va boshqa yetakchilar bilan birgalikda xavfsizlik, iqtisodiy va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadlariga erishish uchun qanday qilib birgalikda ishlashni davom ettirishimiz mumkinligini muhokama qilish uchun 19 yoki 20 sentyabr kunlari C5+1 rasmiy uchrashuviga qo‘shilasiz”, deydi ehtirom bilan AQSH rahbari. 

Dunyoga mashhur “Forbes” nashri Baydenning O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llagan xatini elakdan o‘tkazarkan, ushbu kichik maktubda Saida Mirziyoyevaning tilga olinishiga diplomatiya olamida muhim ahamiyat kasb etishiga alohida urg‘u berdi. 

“Saida Mirziyoyeva o‘zini mintaqada va boshqa joylarda Oq uy tomonidan qo‘llab-quvvatlangan haqiqiy muammolar yechimiga bag‘ishladi va uning sa’y-harakatlari Vashingtonda aniq qadrlanadi”, deb yozgan kolumnist Malik Kaylan. 

“Dok-1 Maks” ishida 33 ming dollar pora berilgani fosh bo‘ldi

16 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropi va boshqa dorilar yuzasidan 21 kishiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rish davom etdi. 

Sud majlisi avvalida ayblanuvchilarning advokati QALAMPIR.UZ jurnalistini suddan chiqarib yuborish va bundan keyin ham ishtirok etishiga taqiq qo‘yish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi. 1,5 soat davom etgan muhokamalardan keyin sud ushbu ayblovni rad etdi. 

Sudda “Quramax Medical” MCHJning hindistonlik direktori yana bir yaroqsiz doriga ruxsat olish uchun 33 ming dollar pora berganini tan oldi. Uning advokatlar savoliga javob berishicha, mazkur summa avvaliga 45 ming dollar bo‘lgan, keyinchalik 33 ming dollargacha qisqargan. Pulni esa Farmatsevtika agentligining Dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazida ishlovchi xodim so‘ragani aytildi.

Hindistonlik tadbirkor bu pullarni “Marion Biotech” PVT. Ltd korxonasida inspeksion tekshiruv o‘tkazilishini to‘xtatish uchun bergan. 

Ayblov xulosasiga muvofiq, “Marion Biotech” korxonasi yana ikki nomdagi dori vositasini ham O‘zbekistonda sotishni rejalashtirgan. Bu dorilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markaziga ariza topshirilgan. Lekin dorini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar “Dok-1 Maks” hujjatlari singari ishonchsiz, noto‘liq va notarial tasdiqlanmagan bo‘lgan. 

Xullas, ushbu holat bo‘yicha sud majlisidagi gap-so‘zlardan ko‘rinyaptiki, hali masala ancha chigal. Qolaversa, ayblanuvchilar, ayblanuvchilarning sud majlisida hozir bo‘layotgan yaqinlari o‘zining suratga va videoga olinmasligi, umuman ko‘rsatilmasligi, hatto, ovozi ham chiqmasligini talab qilmoqda. Sud majlisida jurnalistlarga nisbatan bosimlarni inobatga olib QALAMPIR.UZ mazkur ishni yoritishni to‘xtatdi. Bizga jurnalistlarimizning jismoniy va ma’naviy xavfsizligi ko‘proq muhim. 

Qibrayda yer sotish kasb qilib olingan

Mamlakatni qo‘ying, Qibray tebranyapti, hali ancha tebransa kerak. Gap-so‘zlarga qaraganda yaqinda ishdan olingan ayrim rahbarlar ustidan huquq-tartibot organlari ishlayapti. Esingizda bo‘lsa avgust oyi boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qibray tumani hokimi Mira’zam Mirqosimovni ishdan quvgan edi. Lavozimdan chetlatishlar shu bilan tugagani yo‘q. Tugayotgan haftada Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Qibray tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasiga borib, Mirqosimovdan qolgan o‘rinbosarlar, hokimlikning boshqa barcha mutaxassislarini vazifasidan ozod qildi. Ularning faoliyatiga huquqiy baho beriladi, “toza” chiqsa, keyin ishini davom ettiradi.

Shuningdek, tumandagi barcha davlat tashkilotlarining rahbarlari, lavozimidan ozod qilinadi. Ularning faoliyatiga ham bir hafta ichida baho beriladi. Huquq-tartibot idoralari bundan mustasno. 

Qayerdan buncha g‘azab, nima bo‘ldi o‘zi shunday Qibrayimizga dersiz?! 

Shu desangiz, Zoyir akaning aytishicha, Qibrayda 20 ming nafar fuqaro mehnat migranti sifatida xorijga chiqib ketgan. Tumanda olti oy yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari, o‘tgan yilga solishtirganda, ishlab chiqarish hajmi o‘zgarmagan, aksincha 8 ta korxona o‘z faoliyatini to‘xtatgan. To‘xtatadiyam-da! Keyingi ikki yilda tumanda ishlayotgan 7 ta eksportyor korxona boshqa tumanlarga hisob raqamini ko‘chirib olib ketgan. Qibray ancha salqin joy, korxonamni sovuq urmasin degandir-da. Kamiga qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasida juda ko‘p qonunbuzarlik, boshboshdoqlik bor. O‘x-xo‘ bu nimasi endi. Hali uni yeri bunga, buniki unga berib yuborilgan, dersiz ham?!

Hokimbuvaning gaplariga ko‘ra, tumandagi 16 ta mahallada bittayam bog‘cha yo‘q. Murojaatlar bilan ishlash ayanchli. 1697 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan atigi 8 foizi ijobiy hal etilgan, xolos. 8 ta qabul, 128 ta fuqaro. Ya’ni bitta qabulda o‘rtacha 4 ta fuqaro qatnashgan.

“Hokim qabul o‘tkazsa, 4 nafar fuqaro kelibdi. Kim ishonadi bunga? Ko‘zbo‘yamachilik-ku bu! Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek, investitsiya, sanoat sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari bois, davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, hokim Mira’zam Mirqosimov lavozimidan ozod qilingan edi”, deydi Zoyir Mirzayev.

Xullas, Qibraydagi mashmashalar hali-veri tugamaydiganga o‘xshaydi. Ko‘ramiz, Zoyir Mirzayev aytganidek, qanchalik natija bo‘larkin?! Bu orada Muzaffar Rashidov Qibray tumaniga hokim etib tayinlandi. 

Hafta qahramoni – Qudbiyev

Tugayotgan haftada Prezident Shavkat Mirziyoyev an’anaga sodiq qolib tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuv tadbirkorlarga berilgan ko‘plab imtiyozlar qatorida Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Prezidentning tanqidiga uchragani, u maoshini oqlamayotgani haqida dakki eshitgani bilan esda qoldi. 

Ushbu tadbirda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga soliq yukini ko‘paytirish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish kerakligini aytib o‘tdi.

“O‘tkazilgan so‘rovlarda 62 foiz tadbirkorlar soliq sohasidagi islohatlarimizni ijobiy baholadi. 38 foizi bizdan norozi. Biznec vakillari soliq tizimidan va soliqchilardan qanchalik rozi degan savol meni juda qiynaydi. Men o‘ylaymanki, sizlarni ham qiynaydi. Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish tizimdagi korrupsiya holatlarini barchasidan, albatta, xabarim bor. Bu illatdan qancha tez qutilsak, shuncha ko‘p ishlarimizda o‘zgarish va natija bo‘ladi”, deydi Prezident.

O‘tkazilgan so‘rovlarga qo‘shilgan qiymat soliq to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqning qaytarilishida soliq uzilishlari koeffitsiyentini qo‘llab-quvvatlash, ya’ni yangi joriy qilingan Tax Gap tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.

“Qudbiyev degan kattakon, senga baho bu. Tiziminga baho. Oyliklaringni oqlamayapsizlar. Xalqqa to‘siq bo‘lyapsizlar. Tadbirkorlarga yordam bermayapsizlar. Tax Gap degan balo tadbirkorlarni qiynayapti va korrupsiyaga sabab bo‘lyapti”, deydi davlat rahbari.

Prezident bu gaplarni aytgach, tadbirkorlar tik turib qarsak chaldi. 

“Shuning uchun bular [tadbirkorlar] tik turib qarsak chalyapti, “ey prezident, ko‘zing ochilgani rost bo‘lsin”, deyapti”, deydi tabassum bilan davlat rahbari.

45 nafar ukrain bolasi O‘zbekistonga keltirildi

Ukrainaga nisbatan urush davom etayotgan bir vaqtda dam olish va reabilitatsiya uchun 45 nafar ukrain bolalari O‘zbekistonga olib kelindi. Ukraina elchixonasi tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus o‘zbekistonlik biznes vakillari va jamoat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. 

Bolalar Ukrainaning turli burchaklari, Xarkov, Xerson, Zaporoje, Sumi, Xmelnitskiy, Lvov va poytaxt Kiyevdan olib kelingan. Ular 12 kun mobaynida “Anor” bolalar oromgohida dam oladi.

Bolalar O‘zbekistonga Polshaning Katovitse shahri orqali keltirilgan.

Shuningdek, tugayotgan haftada O‘zbekiston tadbirkorlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan yig‘ilgan 10,5 tonna gumanitar yordam Ukarinaga jo‘natildi. Yordam hajmi 785 844 grivna, taqriban  21 ming AQSH dollariga teng bo‘lib, undan qishki poyabzal, sport, bolalar va ayollar kiyimlari o‘rin olgan. Qolaversa, umumiy qiymati 157 771 grivna, taqriban 4 ming AQSH dollari bo‘lgan tibbiy shpritslar, tibbiy paxta va infuzion tizimlari jo‘natilgan.

Rossiyadagi migrantlar O‘zbekistonga qaytmoqchi

Rubl "qulashi" va dollarning ko‘tarilishi fonida Rossiyadagi o‘zbek migrantlari daromadining qariyb uchdan bir qismini yo‘qotdi. Bunga o‘zbek migrantlarining mamlakatda ishlab topgan rubllarini dollarga aylantirib, uyiga jo‘natishi sabab bo‘lgan. Ma’lumki, rubl qiymatining tushishi va dollarning oshishi oqibatida migrantlarning daromadlari miqdori ayirboshlash vaqtida keskin kamayadi. Bu esa ularning moliyaviy ahvolini qiyinlashtiryapti.

Bugungi kunda Rossiyada istiqomat qiluvchi O‘zbekiston fuqarolarining soni 3 millionga yetgan. Dunyo bo‘ylab barcha mehnat muhojirlari orqali O‘zbekistonga kirib kelgan 17,5 milliard dollarning 14,5 milliardi Rossiya hissasiga, qolganlari esa AQSH, Yaponiya, Kanada, Janubiy Koreya va Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi.

Bildirilishicha, rublning qadrsizlanishiga qaramay, migrantlar baribir o‘z uylariga qaytmaydi. Bunday tushishlar avval ham kuzatilgan va ular bunga moslashgan. 

“Rublning qulashi tufayli Rossiyani tark etishlar bo‘lmaydi. Buning o‘rniga ular kamroq  sigir sotib oladi yoki 500 emas, 300 kishiga to‘y qiladi. Chunki odamlar charchaganlaridagina ketishadi. Ular odatda Moskvada ishlab topgan puliga Toshkent viloyatidan kvartira sotib olardi. Endi esa ipoteka krediti uchun 4 million so‘m to‘lashlari kerak. Mamlakat esa 2 million yoki 2,5 million ish haqi taklif qilayotgan bir vaqtda, 4 millionlik ipotekani qanday to‘lash mumkin?”, deydi Umumrossiya o‘zbeklar qurultoyi Taftish komissiyasi a’zosi Abdukarim Otajonov.

Moskvadagi o‘zbek diasporasi rahbari Bahrom Ismoilovga ko‘ra, mehnat muhojirlarining uchdan bir qismi rublning dollar va yevroga nisbatan zaiflashuvi hamda buning oqibatida daromadlarining kamayishi tufayli Rossiyani tark etishi mumkin. 

Rublning tobora qadrsizlanib borayotgani sharoitida Rossiyadagi o‘zbek migrantlarining rejasi qandayligi haqida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Unda jami 22 ming 800 nafar o‘zbekistonlik qatnashgan va respondentlarning 50 foizi rublga nisbatan dollar kursining oshib borayotgani sabab Rossiyani tark etish haqida o‘ylayapti. Ishtirokchilarning 25 foizi hali buni rejalashtirmagan, qolgan 25 foizi esa borada bir qarorga kelib ulgurmaganini aytgan.

Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, dollar kursining o‘sishi tufayli chet el fuqarolarining Rossiyadagi daromadlari tobora pasayib bormoqda. Uning fikricha, mehnat muhojirlarining chiqib ketishi, birinchi navbatda, eng kam haq to‘lanadigan sohalar – chakana savdo, umumiy ovqatlanish, tozalash, yetkazib berish, qishloq xo‘jaligida yuz beradi.

O‘tgan vaqt mobaynida rublning qiymati nafaqat dollar va yevroga, balki MDH mamlakatlari valyutalariga nisbatan ham anchagina pastladi. Xususan, 2021 yilga nisbatan o‘rtacha hisobda o‘zbek so‘mi 20 foizga o‘sgan. 14 avgust kuni Moskva birjasidagi savdolar chog‘ida 2022 yil mart oyi oxiridan beri birinchi marta dollar kursi 101 rubldan, yevro esa 110 rubldan oshdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon rus milliy valyutasining almashuv kursi 26,4 foizga pasaygan. 

Qirg‘izistonning 4 ta pansionati 49 yilga O‘zbekistonga o‘tdi

Qirg‘iziston xalqaro sud qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonga 40 million AQSH dollari to‘lashi kerak. Bishkekda hozir to‘lash uchun buncha pul yo‘q. Shu bois Hukumat O‘zbekistonga mamlakatdagi 4 ta pansionatni 49 yil ishlatish huquqini bermoqda. Bular Issiqko‘l sohilida joylashgan “Dilorom”, “Zolotiye peski”, “Rohat” va “Bo‘ston” pansionatlari. 

O‘zbekiston pansionatlarning har biriga 15-20 million dollardan sarmoya kiritmoqchi. 

Mazkur 4 ta pansionat SSSR parchalanganidan keyin O‘zbekiston tomonining mulki bo‘lib qolgan, biroq 2016 yil aprelida davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgani fonida Temir Sariyev boshchiligidagi hukumat ob’ektlarni milliylashtirgan. Dam olish maskanlarining nomlari qirg‘iz tiliga tarjima qilinib, “Rohat” – “Oltin-Jay ”, “Dilorom” – “Enesay”, “Zolotiye peski” – “Bosteri” deb o‘zgartirilgan. Ammo “Bo‘ston” pansionatining nomi o‘zgarishsiz qolgan.

O‘zbekiston bu qarorga javoban xalqaro arbitrajga da’vo arizasi bergan.

2017 yilning dekabrida Sapar Isoqov boshchiligidagi Qirg‘iziston hukumati Bishkek to‘rtta pansionatni O‘zbekistonga berishga qaror qilgani, biroq yerni o‘zida saqlab qolayotgani haqida xabar bergan. Buning evaziga O‘zbekiston pansionatlarga sarmoya kiritishi va xalqaro arbitrajdan da’vosini qaytarib olishi kerak edi. Ammo 2019 yil 8 may kuni hukumat matbuot xizmati Sapar Isoqov va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuv imzolanmaganini aytgan. 

2020 yilda Qirg‘iziston hukumati “Zolotiye peski”, “Rohat” va “Dilorom” davlat pansionatlarini xususiy mulkka o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qilgan. 2022 yilning aprel oyida esa Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi sud jarayonlari davom etayotganini, biroq muzokaralar faollashganini ma’lum qildi.

Turkiya aeroportidagi masjidda o‘zbekistonlik o‘g‘irlik sodir etdi

Turkiyaning Istanbul xalqaro aeroporti namozxonasida o‘zbekistonlik erkak o‘g‘irlik sodir etdi. Ushbu holat aeroportga o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga tushib qolgan va mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatildi. 

Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik ikki erkak terminaldagi masjidga kirgan. Ayni shu vaqtda masjidda bir necha kishi uxlab yotgan edi. Shunda o‘zbekistonlik ikkiovlondan biri uxlayotgan erkakning sumkasini olib, uni do‘stining yoniga olib borgan va sumkadagi pullarni cho‘ntagiga solib, sumkani yana uxlayotgan kishining boshi tomonga qo‘yib qaytgan. Yerdan topsang ham sanab ol degan naqlga rioya qilgan holda, erkak o‘margan pullarini masjid tahoratxonasiga kirib, sanab chiqqan. Bularning hammasi kuzatuv kamerasi xotirasida aks etgan. 

Sumkasidagi pul o‘g‘irlanganini payqagan yo‘lovchi holat haqida zudlik bilan politsiyaga xabar bergan. Bu vaqtda esa o‘zbekistonlik erkaklar hali aeroportni tark etmagan edi. Ular aeroportdan chiqib ketayotganda qo‘lga olingan. 

Politsiya bo‘limida bayonnoma rasmiylashtirilib, o‘g‘irlikni sodir etgan shaxs qamoqqa olingan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Hafta tahlili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made