Jon dardidagi bolalar, iPhone talvasasi, O‘zbekistonga yaqinlashayotgan AQSH, Qorabog‘da oqqan qon – Hafta tahlili

Tahlil

Eskilarda bir gap bor: ursang eti, gapirsang beti qotadi. Oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarda e’lon qilinayotgan pedofillar, o‘ldirdi, so‘ydi kabi jinoyatlar haqidagi xabarlar yoki yirik miqdordagi korrupsiya holatlariga odamlar parvo qilmay qo‘ygandek, nazarimda. Yaqindagina Dok-1 Maks dorisidan 65 norasidani yerga qo‘yganimizni juda tez unutdik. Mana, bu hafta 500 yaqin ga yaqin bola zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Ularning doridan zaharlangani tasdiqlandi ham. Lekin odamlarimizning parvoyi falak. Ularning dardi-fikri yangi ayfon, Munisaning to‘yi, Nazarbekovning kimga quda bo‘lganiyu to‘yni qanday o‘tkazganida. Assalomu alaykum! Biz esa sizga qiziq bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham hafta davomida sodir bo‘lgan eng muhim va dolzarb voqealarni bir elakdan o‘tkazamiz. 

O‘zbekistonda yuzlab bolalar zaharlandi 

21 sentyabr kuni Namangan viloyatining bir necha maktabgacha ta’lim muassasalaridan 71 bola zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Ularda tana haroratining ko‘tarilishi, ayrimlarida qorin og‘rig‘i, ich surilishi va qusish kuzatilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, bolalardan 10 nafarining ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berilgan. 

SSV 15 sentyabr kuni joriy yilning 20 sentyabr sanasidan boshlab Prezidentning tegishli qarori bilan 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar yod preparati bilan bepul ta’minlanishi haqida xabar bergan edi. Namangandagi voqea esa ushbu tashabbus amaliyotga tadbiq etilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi. Shu sababdan ijtimoiy tarmoqlarda ushbu zaharlanish holatiga bog‘cha va maktablarga tarqatilgan yod sabab bo‘lgani aytildi. Bu gap esa deyarli tasdiqlandi ham. 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda zaharlangan bolalardan ikkitasining onasi bergan intervyu ham tarqaldi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bog‘chada bolalarga "Yodamarin" dori vositasi berilgan. Shundan so‘ng kechga borib ularda zaharlanish alomatlari paydo bo‘la boshlagan.

"Katta farzandimdan nima bo‘ldi, deb so‘rasam, qornim og‘riyapti, deb yig‘lashni boshladi. Birozdan keyin ichi keldi. Katta farzandim "bizga dori berdi", deb aytdi. Keyin tarbiyachisiga telefon qilib, so‘rasam, buqoqqa qarshi "Yodomarin" berishgan ekan. O‘zim ham maktabda ishlayman, maktabda ham bolalarga berdik”, degan bolalarning onasi.

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy ekspertiza va Prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

Oradan ko‘p o‘tmay Andijonda ham 12 nafar bola zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani, ularning holidan xabar olish uchun viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov kelgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Rasmiylar tomonidan bolalarning zaharlanishiga nima sabab bo‘lgani hali aytilmayotgan bir vaqtda mamlakatning bosh Axborot agentligi O‘zA bolalar doridan zaharlanganini tasdiqladi. Agentlik Andijon hokimining shifoxonaga borgani haqida yozarkan, “Dori vositasining nojo‘ya ta’siri oqibatida mazkur shifoxonaga kelgan barcha ota-onalar va bolalar bilan yaqindan suhbatlashdi”, deb bolalarning shifoxonaga tushishiga dori sabab bo‘lganiga ishora qildi.

Voqealar avjiga chiqqan paytda O‘zbekistondagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga tarqatilgan Antistrumin dori vositasini taqdiri hal bo‘lgunga qadar ushbu dori vositalarini iste’molini zudlik bilan to‘xtatish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘rsatmasi e’lon qilindi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa Namangan viloyatining Chust tumanida bolalarning zaharlanishi holatidan xabar topdi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining Chust tumanida yuz bergan bolalar sog‘lig‘i bilan bog‘liq noxush holatdan qattiq tashvishda, ular tez fursatda sog‘ayib ketishini tilaydi. Davlat rahbari bu boradagi vaziyat to‘g‘risida axborotni muntazam olib bormoqda. Viloyat hokimi va mas’ullarga masalani alohida nazoratga olish, sabablarini aniqlash va tegishli takliflar kiritish bo‘yicha topshiriqlar berilgan”, deydi Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Sud binosiga bomba o‘rnatildi?

Xabaringiz bor, joriy yilning 11 avgust kuni Toshkent shahar sudida “Dok-1 Maks” siropi ortidan 65 bolaning vafot etishiga oid sud ishini ko‘rib chiqish boshlangan edi. Joriy haftada ushbu ish ko‘rilayotgan sud binosiga bomba qo‘yib ketilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu qanchalik rost bilmadik, ammo poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi bomba qo‘yilgani haqidagi xabarni yolg‘on deyishga urindi.  

Qayd etilishicha, Toshkentda joylashgan ayrim sud binolarida shahar sudi, IIBB, Milliy Gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. 

Bildirilishicha, o‘quv mashg‘ulotlari poytaxtda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek, strategik ob’ektlarda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini tekshirish maqsadida rejali ravishda amalga oshirilmoqda. Bu haqda IIBB shunday deydi: 

 “Hurmatli fuqarolar! Xavfsizlik qoidalariga rioya etishingizni va xavotirga berilmasligingizni hamda vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Barcha harakatlar shahrimizning tinchlik va osoyishtaligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda”, deyiladi IIBB xabarida. 

Pedofillar yana jazosiz qoldimi? 

Xorazmdagi mehribonlik uyida qizlarni zo‘rlagan amaldorlarga nisbatan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda birinchilardan bo‘lib “NeMolchi” loyihasi so‘z ochdi. 

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy cudi elektron-axborot tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan uyatsiz xatti-harakatlar qilgan xorazmlik amaldorlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish qayta kvalifikatsiya qilinmadi”, deyiladi bu haqdagi xabarda.

Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidov esa QALAMPIR.UZ bilan muloqot qilib, ish hali tugamagani, jarayon davom etayotgani va OAV bunday xabarlar bilan sud hukmi ta’sir o‘tkazishi mumkin emasligini eslatdi. 

“Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ushbu ish ko‘rib chiqilmoqda. Ayni paytda jarayon davom etyapti. Tugamadi. Hali bu masalada sudning na qarori va na yangi hukmi e’lon qilinmagan. Tarmoqlarda tarqalayotgan axborotlar xato va asoslanmagan”, deydi Obidov.

Shu o‘rinda, Xorazmda bo‘lgan voqealarni eslasak. Xorazmda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Aybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Anvar Quryazov viloyat Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari Yu.X. bilan til biriktirib, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zo‘rlab kelgan. 

Holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 6 sentyabrda hukm e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, 1979 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lgan Yu.X. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga muayyan huquqdan, ya’ni davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.M. (Aybek Masharipov) va 1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Q. (Anvar Quryazov) Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

O‘shanda sudning ushbu hukmi qator noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Hozirda Prezident yordamchisi bo‘lib ishlayotgan Saida Mirziyoyeva ushbu holatni “xavotirli” deb atab, Bosh prokuratura sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazishi kerakligini aytgan. Administratsiyaning yana bir vakili Komil Allamjonov esa pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash vaqti kelgani haqida yozgandi.

O‘zbekiston xalqi qullikdan qutuldi – Mirziyoyev

Tugayotgan haftaning eng muhim voqeasi nima bo‘ldi, sizningcha? Ey, qo‘ying ey. Ayfondan boshqa dardingiz yo‘q. Dunyoda nima bo‘layotganini bilmaysiz, na kitob, na gazeta, na saytlarni o‘qiysiz... Dunyo davlatlari rahbarlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sammitiga to‘plandi. Baydendan tortib, Erdo‘g‘angacha, Qatar Amiridan tortib, Zelenskiygacha qatnashgan ushbu mashvaratga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bordi va yetti yillik Prezidentlik davrida bevosita ikkinchi marta BMT minbaridan nutq so‘zladi. 

Prezident dunyo minbaridan turib, O‘zbekistonda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamayganini aytdi. O‘zbekiston xalqi paxta qulligidan qutilganini bildirdi.

“Bir asr mobaynida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o‘qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o‘zbek paxtasiga boykotlar e’lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro‘yxat”larga kiritilgan edi. Qat’iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o‘tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo‘ldi”, deydi Prezident.

Mirziyoyev ekstremizm tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni faollashtirishga e’tibor qaratdi. So‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, u Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liqligini aytdi. Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan bo‘lib, u afg‘on masalasini hal etishda o‘ziga xos yondashuvlarni talab etmoqda. Mirziyoyevning fikricha, inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda.

Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik lozim, degan fikrni bildirib, Prezident Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

“Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak”, deydi Mirziyoyev.

U Nyu-Yorkka tashrifi davomida qator uchrashuvlar o‘tkazdi va bularning orasida albatta, muhimlardan muhimi va birinchi marta kuzatilayotgani AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan muloqot. 

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Kelasi yilning noyabrigacha AQSH Prezidentligida qoladigan 81 yashar Bayden O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hamda unda amalda oshirilayotgan islohotlar siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan.

Prezidentlar, inson huquqlari, gender tenglik sohalarida hamda inson farovonligini ta’minlash masalalarida ham gaplashib olgan. 

AQSHga borgan bir Mirziyoyev emas. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari rahbarlari ham o‘sha yerda edi. Bayden ular bilan bir dasturxon atrofida o‘tirdi. Albatta, bu Rossiyaning g‘ashiga tekkani tabiiy. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Qorabog‘ to‘liq Ozarbayjon nazoratiga o‘tdi 

Anchadan buyon o‘q ovozlari tinmayotgan Qorabog‘ bu hafta urush maydoniga aylanib ketdi. 19 sentyabrga o‘tar kechasi Qorabog‘da noqonuniy qurolli guruhlar a’zolari tomonidan o‘rnatilgan mina bir necha ozarbayjonliklarning hayotiga zomin bo‘ldi. Hodisa oqibatida “Azeravtoyo‘l” agentligining ikki xodimi halok bo‘ldi. 

Shundan so‘ng, Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi xodimlari “KamAZ” avtomashinasida voqea joyiga yo‘l olgan. Biroq ular Xo‘javand tumani hududidan o‘tayotganda Tagavard qishlog‘ida yangi qurilgan tunnelda arman diversant guruhi tomonidan o‘rnatilgan mina portlagan. Oqibatda Ichki ishlar vazirligining 4 xodimi va yana besh kishi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. 

Yuqori aniqlikdagi qurollardan foydalanilgan tadbirlar doirasida Armaniston Qurolli Kuchlari qo‘shinlarining oldinga va chuqurlikdagi pozitsiyalari hamda uzoq muddatli o‘q otish nuqtalari, shuningdek, jangovar vositalari va harbiy ob’ektlari yaroqsiz holga keltirilgan.

Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagan. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.

Voqealar sodir bo‘layotganda Nyu-Yorkda bo‘lib turgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT minbaridan turib, Anqara Ozarbayjonning Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

 “Qorabog‘ Ozarbayjon hududidir. Boshqa maqomning o‘rnatilishi hech qachon qabul qilinmaydi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Voqealar avjiga chiqqanda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Aliyev ham anoyi emas. Shart qo‘ydi. U Qorabog‘dagi separatchi, noqonuniy qurolli guruhlar tasliq bo‘lib, qurolini tashlasa, arman qurolli kuchlari qo‘shinlari qurolsizlantirilsa, aksilterror choralari to‘xtatilishini aytdi. Ko‘p o‘tmay shunday bo‘ldi ham. 20 sentyabr kuni soat 13:00 Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyatida konstitutsiyaviy tuzumni tiklash bo‘yicha mahalliy aksilterror tadbirlari to‘xtatildi.

O‘sha kuni AQSHda bo‘lib turgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlashini aytib, rasmiy Toshkentning bu boradagi pozitsiyasini ifodaladi. 

“Ozarbayjonning barcha sohalarda, ayniqsa, hududiy yaxlitlik va adolatni tiklash borasida erishayotgan yutuqlaridan mamnunmiz. Biz Ozarbayjonni adolatli kurashida qo‘llab-quvvatlaymiz va barcha qiyinchiliklarga qaramay, Ozarbayjon hukumati va xalqining hududiy yaxlitligini tiklash va himoya qilish borasidagi qat’iyatini olqishlaymiz”, deydi Safoyev. 

Albatta, Qorabog‘dagi harakatlar qurbonlarsiz bo‘lmadi va halok bo‘lganlar orasida Rossiya tinchlikparvar kontingentining olti nafar a’zosi ham bor. Ularning 5 nafarini Ozarbayjon harbiylari, 1 nafarini arman qurolli guruhlari yo‘q qilgan.

Ilhom Aliyev zudlik bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu voqea uchun uzr so‘radi. Voqea bo‘yicha chuqur tekshiruv o‘tkazilishi va barcha aybdorlar munosib jazolanishini aytdi. Qurbonlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Putin hozircha rus askarlarining o‘ldirilishiga munosabat bildirmagan. Qorabog‘dagi arman aholisining huquqlari va xavfsizligini ta’minlash muhimligini aytgan. 

Muzokaralar yo‘lida 2020-2022 yillarda eng yuqori darajadagi taniqli uch tomonlama kelishuvlarga muvofiq, birinchi navbatda, transport aloqalarini blokdan chiqarish, Ozarbayjon-Armaniston chegarasini delimitatsiya qilish hamda Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasini tayyorlashga kelishib olingan.

Xo‘sh, doim Armanistonni qo‘llab keladigan Rossiya nega bu safar bo‘layotgan voqealarga sas-sadosiz qoldi? Putinning voizi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya Qorabog‘dagi qurolli to‘qnashuvlarga “Ozarbayjon o‘z hududida operatsiya o‘tkazmoqda” deb qaraydi. Chunki Armaniston 1991 yil chegaralari doirasida Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning ajralmas qismi sifatida tan olgan. 

(tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ Ombudsmani Gegam Stepanyanning xabar berishicha, Qorabog‘dagi jangovar harakatlar oqibatida kamida 200 kishi halok bo‘lgan, 400 dan ortiq odam yaralangan. Tinch aholi orasida yaralanganlar soni 40 kishidan oshgan, ulardan 13 nafari bolalardir. Halok bo‘lgan 10 nafar tinch aholi vakillarining yarmi bolalar bo‘lgan.

Buning ortidan Armaniston poytaxti Yerevanda Ozarbayjonning Qorabog‘dagi aksilterror operatsiyasidan keyin hukumatga qarshi namoyishlar boshlandi. Hukumat binosi joylashgan Respublika maydonida bo‘lib o‘tgan miting namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvga aylanib ketgan. Namoyishchilar Qorabog‘ni tan olish va Pashinyan iste’fosini talab qildi. Ular hukumat binosiga bostirib kirishga harakat qilgan. Bosh vazir esa Yerevanda namoyishchilarga qarshi "qattiq harakat" qilishni buyurgan. 

Bayden O‘zbekistonga keladimi?

Boyaroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan bir stolda o‘tirganini aytgandim. Bu mavzuning navbati endi keldi. BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi bahonasida Amerikaga borgan Markaziy Osiyo Prezidentlari va AQSH rahbarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. 

Unda savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirish istiqbollari, “yashil” taraqqiyot, energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilingan.  

Uchrashuvda AQSH Prezidenti Jo Bayden Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga kelishi mumkinligiga shama qilgan. 

 “Men ushbu uchrashuvni davom ettirishni chin dildan kutaman, chunki biz kuchliroqmiz va beshta davlat birlashganda dunyo xavfsizroq bo‘lishiga chin dildan ishonaman. Harakatlaringiz uchun sizga katta rahmat. Men sizni tez orada, ehtimol mamlakatlaringizdan birida ko‘rishni orziqib kutaman”, deya so‘zini yakunlagan AQSH Prezidenti.

Albatta, Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlarining AQSH Prezidenti bilan bunday iliq uchrashuvi Rossiyaning nazaridan chetda qolmadi. Kremldan Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya AQSHning Markaziy Osiyo davlatlari bilan uchrashuvini kuzatib borgan, biroq Moskva uchun asosiysi mintaqa davlatlari bilan muloqotni davom ettirishdir.

"Osiyo davlatlarining, albatta, AQSH bilan o‘z munosabatlari bor. Shubhasiz, bunday uchrashuvlarni o‘tkazish bu davlatlarning huquqidir. Biz, albatta, bularning barchasini diqqat bilan kuzatib boramiz. Biz uchun asosiysi bu emas, asosiysi – muloqotimizni davom ettirish”, deydi Peskov.

Markaziy Osiyoga qiziqish dunyo hamjamiyatida ortib bormoqda. AQSH ortidan Germaniya kansleri Olaf Shols ham 5 Prezidentni bir stol atrofiga yig‘moqchi. Uchrashuv sanasi 29 sentyabr 

Gulnoraning pullari nimaga ishlatilishi aytildi

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – hozirda qamoqda saqlanayotgan Gulnora Karimovaning qaytarilgan aktivlari onalar va bolalarning o‘limini kamaytirishga sarflanadi. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan aktivlarini qaytarish uchun tuzilgan Uzbekistan Vision 2030 jamg‘armasi BMTning yangi loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun 43,5 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratgan. 

Qayd etilishicha, o‘tgan yilning avgust oyida O‘zbekiston va Shveysariya BMTning Uzbekistan Vision 2030 ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi orqali 131 million dollarni qaytarish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Olingan mablag‘lar O‘zbekiston hukumatining islohotlar dasturini amalga oshirishni jadallashtirish va mamlakatda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 16 avgust kuni 16 avgust kuni Bern shahrida O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi. Hujjat Gulnora Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveysariyada legallashtirilgan 131 mln AQSH dollarining Shveysariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatgan. 

Turizm qo‘mitasidagi amaldor biznes-ledi bo‘lib chiqdi

Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi rahbari Dilfuza Samandarovaning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining bildirishicha, qo‘mita mansabdori Dilfuza Samandarova joriy yilning 22 fevralida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Avtoimkon trade” MCHJning 50 foizlik ulush bilan ta’sischisi bo‘lgan. Eng qizig‘i, u mansabdorlik lavozimida ishlab turib, bunday ishga qo‘l urishi mumkin emasligini bilgan. 

Kamiga u ijtimoiy tarmoq orqali poytaxt markazidagi kumush taqinchoqlar do‘koni asoschisi ekanini aytib, uni reklama qilgan. Opaning shuncha bizneslari borakan, davlat ishida, arzimagan oylikka nima qilib yuribdilar? Ishlarini juda yaxshi ko‘rsalar kerak-da a? 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yuqoridagi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘mita va uning huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasiga taqdimnoma kiritilgan.

Taqdimnomaga binoan Turizm qo‘mitasining ishchi guruhi tuzilib, xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

Qo‘mita ushbu holatni alohida nazoratga olganini hamda tekshiruv natijasi yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga belgilangan muddatlarda axborot taqdim etilishini ma’lum qilgan. 

Qiziq, opa endi davlatdagi amalidan voz kecharmikin yoki bizneslaridan. Har holda bizneslaridan voz kechmasa keragov. Yana kim biladi, deysiz...

Ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan javobgarlik bekor qilinyapti

O‘zbekistonda qonun bilan fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik bekor qilinmoqda. Bu haqda joriy yilning 19 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida ma’lum qilindi.

Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunning dastlabki muhokamalari bo‘lib o‘tgan. 

Ma’lumki, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishi BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarimaga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Biroq qonunchilikda “ibodat libosi”ga aynan nima kirishi aniq qilib ko‘rsatilmagan. 

Bundan tashqari, qo‘mita ekspertlari hamda soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘nggi paytlarda mamlakatda diniy soha vakillari tomonidan qonuniy nikoh bo‘lmasa ham nikoh tuzishga doir diniy marosimlarni amalga oshirilayotgani ta’kidlangan. Bu o‘z-o‘zidan ijtimoiy muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.

Shuningdek, ayrim diniy blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda dunyoviy va diniy hayot tarzini olib boruvchi jamiyat vakillari orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan, faqat o‘zining diniy qarashlarini ifodalovchi va diniy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan chiqishlar ko‘payib borayotgani aytilgan

Qonunda milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik, ko‘p xotinli bo‘lishni targ‘ib qilganlik, jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilganlik uchun tegishli javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik hamda fuqarolarni milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitganlik hamda diniy tashkilot tomonidan o‘zining ustavida nazarda tutilmagan faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Yig‘ilish yakunida ushbu Qonun bo‘yicha ekspertlar tomonidan tayyorlangan tavsiyalar Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga taqdim etilgan.

Zo‘rdan zo‘r chiqdi

20 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ kirish imtihonlarida maksimal – 189 ball to‘plab ham kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlar haqida videomaterial e’lon qilgan edi. “Zaring yo zo‘ring bo‘lmasa biliming bir tiyin. O‘zbekiston bu!” deb nomlangan ushbu videomaterial shov-shuvlarga sabab bo‘ldi va hatto unda ko‘tarilgan masala Amerikada bo‘lib turgan Prezident Mirziyoyevning qulog‘iga yetib bordi. Shundan so‘ng adolat qaror topib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan 5 nafar talaba Prezident tomonidan berilgan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida o‘qiydigan bo‘ldi. Men bu haqda yana takror gapirib o‘tirmay. Voqeaning barcha tafsilotlarini YouTube kanalimizga joylashtirilgan ikki videoni tomosha qilib, bilib olishingiz mumkin. 

iPhone vasvasasi

Ko‘plab faollar doim O‘zavtosanoatni tanqid qilib, GM Uzbekistan avtomobillari yillar davomida umuman o‘zgarmay, narxi qimmatlashishini tanqid qilib keladi. Shunga qaramay odamlar sotib olishda, navbatda turishda, janjallashib, yoqalashishda davom etadi. Bu faqat O‘zbekiston, o‘zbekistonliklar va GM Uzbekistan’ga xos emas. Dunyoning hamma joyida shu ahvol. Tugayotgan haftada bizga Amerikadan yaqin bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklarida yangi iPhone savdosi boshlandi. 

iPhone 15 ni 14 dan umuman farq qilmaydi, Apple odamlarni lox qilishda davom etyapti deganlarning o‘zi birinchilardan bo‘lib turnaqator navbatlarni hosil qilyapti. Dubaydagi Emirates Mall, Dubai Mall odamlar bilan liq to‘lgan. Ular orasida yuzlab o‘zbeklar ham bor. Nega deysizmi, a Malikadagi telefon bilan savdo qiluvchi do‘konlarga iPhone 15 osmondan yog‘ilyaptimi? 

Xullas, xo‘rozqand chet elniki desa yotvolib yalaydiganlar butun dunyoda topiladi. O‘tgan hafta GM Uzbekistan avtomobillariga shartnoma uchun navbatda turganlar bir-biri bilan yulishgani videosi tarqalgandi. Navbat iPhone ishqibozlariga. Birlashgan Arab Amirliklaridagi Emirates Mall savdo markazida  iPhone 15 Pro Max sotib olish uchun navbatda turgan odamlar o‘rtasida janjal chiqdi. Holat aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Ayrim odamlar sotuv boshlanishini 28 soatdan ortiq kutgan, shu bois ular olamon ichidagi o‘rnini saqlab qolish uchun janjal ko‘tarishga majbur bo‘lgan. Soqchilar ularni tinchlantirish uchun jonli devor, turli to‘siqlar va baland ovoz tarqatuvchi moslamardan foydalangan. Ayrim holatlarda esa kuch ishlatishga ham majbur bo‘lgan.

Ayni daqiqalarda esa sizlar bilan kelgusi diydorgacha xayrlashaman. O‘zingizni ehtiyot qiling, ayniqsa, dori-darmonlardan. 


Maqola muallifi

Teglar

Hafta tahlili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made