Bu yil Markaziy Osiyoda qizamiq bilan kasallanish 3000 foizga oshdi – UNICEF

Salomatlik

image

2023 yilning yanvaridan 5 dekabriga qadar Yevropa va Markaziy Osiyoda qizamiq bilan kasallanganlar soni 2022 yildagi 909 tadan 30 601 nafarga yetdi. Kasalliklar soni 3266 foizga oshdi. Bu haqda UNICEF xabar berdi. 

2023 yil oktyabrdan noyabrgacha Yevropa va Markaziy Osiyoda qizamiq bilan kasallanish deyarli ikki baravarga oshgan. Immunitet zaifligi sababli mintaqada kasallanishlar soni ortib bormoqda.

UNICEF'ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori ReGina De Dominichisning so‘zlariga ko‘ra, emlash qamrovi kamayishining qizamiq bilan kasallanish holatlari ko‘payishidan aniqroq alomat yo‘q.

"Bu keskin o‘sish bolalarni ushbu xavfli va halokatli kasallikdan himoya qilish uchun shoshilinch e’tibor va sog‘liqni saqlash choralarini talab qiladi", deydi u.

Qizamiq bolalar salomatligiga halokatli ta’sir ko‘rsatadi, ba’zan esa o‘limga olib keladi. Bu bolalar immun tizimining uzoq muddatli zaiflashishiga olib keladi va ularni boshqa yuqumli kasalliklarga, shu jumladan pnevmoniyaga nisbatan zaifroq qiladi.

UNICEF'ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qizamiq bilan kasallanishning eng yuqori darajasi Qozog‘istonda qayd etilgan: har 100 ming aholiga 69 ta yoki 13 254 ta holat. Qizamiq bilan kasallanish bo‘yicha Qirg‘iziston ikkinchi o‘rinda turadi: har 100 000 aholiga 58 ta, ya’ni 3811 ta holat. O‘tgan hafta milliy epidemiyani e’lon qilgan Ruminiyada 100,000 kishiga 9,6 ta, jami 1 855 ta holat mavjud.

Qizamiq bilan kasallanishning ko‘payishi butun mintaqada emlanish qamrovining pasayishi bilan bog‘liq.

Vaziyatning yomonlashishiga olib keluvchi omillar orasida vaksinalarga bo‘lgan talabning pasayishi, qisman noto‘g‘ri ma’lumotlar va COVID-19 pandemiyasi davrida va undan keyin kuchaygan ishonchsizlik, sog‘liqni saqlash xizmatlarining uzilishi hamda birlamchi tibbiy yordam tizimlarining zaifligi kiradi.

Oxirgi statistikalarga ko‘ra, 2019-2021 yillar oralig‘ida Yevropa va Markaziy Osiyoda 931 mingga yaqin bola muntazam emlashdan butunlay yoki qisman o‘tib ketgan. Yevropa va Markaziy Osiyoda qizamiqqa qarshi emlashning birinchi dozasi 2019 yildagi 96 foizdan 2022 yilda 93 foizga kamaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo qizamiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing