Ijtimoiy tarmoqda 4-5 ta xato topilib, chaynalmoqda – Shermatov muharrir va pedagoglarga chaqiruv bilan chiqdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 30 martidan O‘zbekistonda karantindagi maktab o‘quvchilari uchun televizion darslar tashkil etildi. Darslar boshlanganidan ko‘p o‘tmay, ijtimoiy tarmoqlarda darslardagi xatoliklar muhokama qilina boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov televizion darslardagi xatolar yuzasidan tushuntirish berdi hamda muharrir va o‘qituvchilarni hamkorlikka chaqirdi.

“Adashmasam, MDH davlatlari ichida, aynan O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib barcha sinflar bo‘yicha 3 tilda inklyuziv (surdotarjima bilan) onlayn darslarni ishga tushirdi. 

Kuniga o‘rtacha 100 ga yaqin videodarslar olinishini inobatga olishimiz zarur. Vaqt qisqa ekani, hamda karantinni inobatga olib ishtirokchilar qisqartirilgani sababli, xatolar o‘tib ketishi xavfi yuqori edi. 

Shu vaqtgacha efirga ketgan 400 dan ortiq videodarslardan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan 4-5 ta xato topilib, chaynalmoqda.

Hozirgi og‘ir sharoitda 6 milliondan ortiq o‘quvchilarimiz vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga o‘z hissasini qo‘shayotganlar faoliyatidan xato topib, ularni ustidan kulishga harakatni davom ettirgandan ko‘ra, umumiy tashqi dushmanimiz – koronavirus (COVID-19) epidemiyasi oldida barchamiz birlashib o‘zaro yordam berishimiz eng yaxshi yechim bo‘lar edi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari sizning darsingizni bizning bazadagi darsdan yaxshiroq deb e’tirof etsalar, biz sizni televideniyega dars o‘tishga taklif etamiz”, degan Shermatov ijtimoiy tarmoqdagi postida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 16 martdan barcha ta’lim muassasalarida ta’til e’lon qilingandi. Oradan ikki hafta o‘tib o‘quvchilar uchun televizion darslar boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 241 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Shermatov karantin koronavirus

Baholaganlar

232

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made