Blinken Ar-Riyodda “qora shahzoda” bilan uchrashdi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

Davlat kotibi G‘azoga insonparvarlik yordami hajmini oshirishni davom ettirish, G‘azoda garovga olinganlarni ozod qilishni ta’minlaydigan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va mojaroning yanada tarqalishining oldini olish muhimligini ta’kidlagan.

“Davlat kotibi va valiahd shahzoda doimiy mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka erishish, jumladan, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida yanada kengroq integratsiyalashuv hamda AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish orqali amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni muhokama qildi”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Shuningdek, Blinken va Ol Saud mintaqaviy keskinlikni pasaytirish, jumladan, Qizil dengizda navigatsiya erkinligiga putur yetkazadigan husiy hujumlarini to‘xtatish va Yaman tinchlik jarayonidagi taraqqiyotni muhokama qilgan.

Valiahd shahzoda Falastin Prezidenti Mahmud Abbos va Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeronni ham o‘z qarorgohida qabul qilgan. Biroq Saudiya Arabistoni davlat agentligi uchrashuvlar haqida batafsil ma’lumot bermayapti.

29 aprel kuni Blinken Saudiya Arabistoniga yetib bordi va bu uning mintaqaviy safarining birinchi bekatiga aylandi. Shu hafta Davlat kotibi Isroil va Iordaniyaga ham tashrif buyuradi va u yerda G‘azo sektoridagi vaziyatni muhokama qiladi. 

Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Millerning so‘zlariga ko‘ra, Amerika diplomatiyasi rahbari asosiy e’tiborni Falastin anklavidagi o‘t ochishni to‘xtatish masalasiga qaratadi, bu esa HAMAS harakati tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va sektor rezidentlari uchun mo‘ljallangan insonparvarlik yordami hajmini oshirish imkonini beradi.

Davlat kotibi Ar-Riyodda Jahon iqtisodiy forumining maxsus sessiyasida nutq so‘zladi va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashining vazirlar yig‘ilishida ishtirok etdi. Blinken Ar-Riyodda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan ham uchrashdi.

Uchrashuvda Turkiya Tashqi ishlar vaziri G‘azodagi qirg‘inni tezroq to‘xtatish, doimiy sulhga erishish va G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishi uchun Isroilga bosim o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. Tomonlar Ukrainadagi so‘nggi vaziyat yuzasidan fikr almashgan, AQSH va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni muhokama qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Saudiya Arabistoni Entoni Blinken Muhammad bin Salmon Ol Saud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing