Tijorat banklarining majburiy rezervlari koeffitsiyenti o‘zgardi – MB

Jamiyat

image

Markaziy bank Boshqaruvi 2020 yil 1 apreldan e’tiboran tijorat banklarining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga o‘tkaziladigan majburiy rezervlari miqdoriga nisbatan o‘rtachalash koeffitsiyentini oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi joriy makroiqtisodiy sharoitlardan kelib chiqib, bank tizimi likvidligini qo‘llab-quvvatlash va to‘lov tizimining barqaror ishlashini ta’minlashda majburiy rezervlash instrumentining samaradorligini oshirish maqsadida 2020 yilning 1 aprelidan boshlab majburiy rezervlar miqdoriga nisbatan amaldagi 0,25 o‘rtachalash koeffitsiyenti 0,35 gacha oshirildi.

Bunda majburiy rezervlarning normativ miqdoriga nisbatan o‘rtachalash koeffitsiyentini belgilash orqali Markaziy bankka o‘tkazilishi lozim bo‘lgan majburiy rezervlar miqdorining 35 foizini banklarning vakillik hisobvarag‘ida qoldirishga ruxsat etiladi. Bu o‘z navbatida, tijorat banklarining likvidliligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Tijorat banklarining Markaziy bankda rezerv sifatida shakllantiriladigan majburiy rezervlari normativlari o‘zgarishsiz, milliy valyutadagi depozitlar uchun 4 foiz hamda chet el valyutasidagi depozitlar uchun 14 foiz miqdorida qoldirildi.

Markaziy bank kelgusida bank tizimidagi likvidlilikning joriy holati tahlilidan kelib chiqib, o‘rtachalash koeffitsiyentini bosqichma-bosqich oshirib borishi qo‘shimcha qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank Tijorat banki

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing