Koronavirus kirib borgan davlatlar 31 taga yetdi. Qurbonlar 109 nafarga ko‘paydi

Olam

image

Bugun, 22 fevralga kelib Xitoyda paydo bo‘lgan yangi koronavirusdan kasallanganlar soni 967 nafarga ko‘payib, 77 816 nafarga yetdi. Virusga chalinganlar soni Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya va Avstraliyada ko‘paydi.

COVID-19 koronavirusidan davolanganlar soni 20 965 kishiga yetdi. Bemorlarning 11 539 nafari hamon og‘ir ahvolda qolyapti.

Koronavirusdan halok bo‘lganlar soni 109 kishiga ko‘payib, 2360 nafarga yetdi. Janubiy Koreya koronavirus avj olgan uchinchi joy bo‘ldi. Mamlakatda virusga chalinganlar 300 nafardan oshdi. Bundan avval Diamond Princess kruiz kemasida 600 nafardan ortik odam koronavirusga chalinib, kema virusning ikkinchi “o‘chog‘i” bo‘lgandi.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 31 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Isroil, Livan, Misr va Eronda aniqlandi.

JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.

Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy virus

Baholaganlar

121

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing