Ertaga Toshkentda metro bepul bo‘ladi

Jamiyat

image

Toshkent birinchi bor har yili 16-22 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan va dunyoning 50ga yaqin mamlakat ishtirok etadigan Yevropa Harakatlanish Haftasining rasmiy ishtirokchisiga aylandi. Uning doirasida bepul metro va avtomobilsiz kunlar o‘tkaziladi.

Ushbu o‘ziga xos forum “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Toshkent Metropoliteni” UK tomonidan Toshkent aholisi hamda mehmonlari o‘rtasida transportning muqobil turini ommalashtirish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Mazkur kampaniya doirasida 19 sentyabr Toshkentda Bepul metro kuni deb e’lon qilingan. 

Tashkilotchilarning aytishicha, shu kuni qator metro bekatlari musiqachilar, aktyorlar chiqishlari va boshqa ko‘ngilochar dasturlar uchun sahnaga aylanadi. Soat ertalabki 08:00da “Oybek”(“Mingo‘rik” stansiyasiga o‘tish joyida) yo‘lovchilar teatrlashtirilgan musiqiy chiqishlarni tomosha qilishi mumkin. Dirijyor boshchiligidagi simfonik orkestr ijodidan esa 17:00dan 19:00gacha bahramand bo‘lish imkoniyati yaratiladi. 

“Amir Temur” metro bekatidan “Yunus Rajabiy” bekatiga o‘tish yerosti yo‘lida san’atshunoslar hamrohligida rasmlar galereyasi ochiladi. Kamera torli cholg‘u kvarteti kuy chalib turadi. Bunday estetik manzara to metro yopilguncha davom etadi.
“Paxtakor” va “Alisher Navoiy” bekatlariga o‘tish vestibyulida esa yo‘lovchilarni tarixiy fotoko‘rgazma kutib oladi. U Toshkent metropoliteni tarixiga bag‘ishlangan.

Soat 10:00dan 12:00gacha, 20:00dan 22:00gacha noodatiy fleshmoblar tashkil etiladi. Xususan, barcha liniyalardagi metro vagonlarida “Raqs fleshmobi” tashkil etiladi. Raqs jamoalari vagondan vagonga o‘tib yurishadi. Xohlaganlar ularga qo‘shilishlari mumkin. Xuddi shu kabi musiqali fleshmoblar ham bo‘lib o‘tadi.

Kichik yoshli yo‘lovchilar ham e’tibordan chetda qolmagan. Ular uchun superqahramonlar va multfilm personajlari libosidagi animatorlar, sehrgarlar tomoshalar qo‘yib beradi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekistonda Toshkent metrosi

Baholaganlar

136

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing