Allamjonov Londondagi konferensiya qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi

Jamiyat

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov joriy yilning 10-12 iyul kunlari Buyuk Britaniyaning London shahrida o‘tadigan OAV erkinligi bo‘yicha birinchi global konferensiyada ishtirok etish uchun jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik. 

Ushbu konferensiyada O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etayotgan Komiljon Allamjonov sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Unda shunday deyiladi:

Assalomu alaykum hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
 
Menga bugun ushbu xalqaro konferensiya qatnashchilariga murojaat etish imkoniyati berilgani uchun Buyuk Britaniya va Kanada Tashqi ishlar vazirliklariga o‘z minnatdorchiligimni izhor etmoqchiman.

Men matbuot bilan bog‘liq sohalarda 2002 yildan buyon faoliyat yuritib kelaman. Bu davrda turli vazirlik va idoralarning axborot xizmatlarida ishladim, xususiy sektorga o‘tib, ko‘plab matbuot bilan bog‘liq loyihalarga rahbarlik qildim, bosma va elektron nashrlar, musiqiy ko‘ngilochar telekanallar ustida ishladim. Shundan so‘ng, taqdir meni yana davlat idoralariga va aynan matbuot bilan bog‘liq idoraga qaytarib olib keldi.

Mamnun bo‘lib aytishim mumkinki, matbuot sohasidagi 17 yillik faolyatimda atrofimda asosan ijordkorlar, jurnalistlar, blogerlar bo‘lishdi va menda bugun o‘sha o‘tgan davr holatini oxirgi 3 yilda qilingan ishlar bilan solishtirish imkoniyati bor.

Boshlangan jadal islohotlar boshqa sohalar qatori axborot maydonining birdaniga jonlanishiga olib keldi, matbuot uchun yopiq eshiklar ochilib, jurnalistlar ham go‘yoki uzoq qishki uyqudan seskanib uyg‘ongandek bo‘ldi. Asta sekin o‘ziga bo‘lgan ishonchi paydo bo‘la boshladi, eng muhimi odamlarning axborotga, ochiqlikka bo‘lgan talabi ham orta boshladi.  
 
Albatta, bu oson va ravon jarayon emasligi malum. Yillar davomida qotib kolgan tizimni qayta modernizatsiya qilgan holda yurgazib yuborish uchun avvalambor Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va katta kuch kerak bo‘ldi.

Shuning uchun ham birinchi navbatda ushbu ishlarni amalga oshirishga vakolatli organ bo‘lmish Matbuot va axborot agentligi maqomi oshirilib, uni Prezident administratsiyasi xuzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirildi. Agentlikning vakolatlari kengaytirildi. 

Bugun agentligimiz ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarni himoya qilish va savodxonligini oshirish mexanizmlarini yaratishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Bugun agentligimiz tomonidan ushbu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishga qaratilgan alohida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan davlat organlari axborot xizmatlari, shuningdek, matbuot kotiblarining mavqei idora rahbarining o‘rinbosari darajasiga tenglashtirildi.

O‘zbekistonda uzoq yillar davomida yopiq bo‘lgan bir qator xorijiy axborot resurslari va huquqni muhofaza qilish tashkilotlari veb-saytlariga to‘liq kirish imkoniyati tiklandi.

Hozirgi vaqtda blogerlar huquqini jurnalistlarga tenglashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda.  

Mutassadilar tomonidan jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish va ayni vaqtda jurnalistlar uchun qonunda belgilangan jazolarni hamda “haqorat” va “tuhmat” moddalari bo‘yicha jazoni yengillashtirishga yo‘naltirilgan qonun hujjatlari loyihalari ham tayyorlanmoqda.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Biz bugun demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayoyenida barcha xalqaro tashkilotlar talabi hamda tavsiyalariga rioya qilishga intilmoqdamiz. Albatta, ish jarayonida ayrim xatoliklar ham bo‘lyapti, lekin shunga qaramay, Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli belgilangan maqsadimiz yo‘lidan dadil bormoqdamiz. Ushbu maqsadlarga erishishimizda tashqi dunyo va xalqaro hamjamiyatdan bizga nisbatan xolis munosabat va bizga nisbatan qandaydir “ko‘makka ehtiyoji baland va tajribasiz” sifatida emas, balki o‘z imkoniyatlarini yaxshi biladigan va o‘zgarishlarga intilayotgan to‘la huquqli hamkor sifatida qarashingizni istar edik!

Men bugun Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev jamoasining a’zosisi sifatida ishontirib aytamanki, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarini amalda “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish uchun aniq va qat’iy  yo‘l belgilab olingan. Bu yo‘limizdan qaytmaymiz va faqat olg‘a boramiz!
 
E’tiboringiz uchun rahmat!

OAV erkinligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada O‘zbekiston delegatsiyasiga mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchilik qilmoqda. Komilov mazkur anjumanda nutq so‘zlashi kutilmoqda. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov

Baholaganlar

4

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing