Buxorolik ixtirochi-ustalar Alisher Usmonovdan umid qilmoqda

Jamiyat

image

Buxoroning Jondor tumanida joylashgan qishloqlardan birida yashovchi ota-bola ustalar Shaxob Qoryog‘diyev va Shuhrat Suvonovlar traktor yasab chiqishdi. Buning uchun ularga 10 yil vaqt va 5ta eski avtomobil ehtiyot qismlari kerak bo‘ldi. Ular mazkur loyihani amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlashda rossiyalik taniqli milliarder Alisher Usmonovdan madad kutmoqda, deb yozmoqda Sputnik. 

Ustalar aytishiga qaraganda, yangi traktor ham tejamkor ham arzon chiqqan. U metan gaz va dizel yonilg‘isi aralashmasida ishlaydi. Bir gektar yerga ishlov berish uchun yangi traktorga 5 litr dizel yonilg‘isi va 20 kub gaz kerak bo‘ladi.

“Masalan “Keys” traktorlari xuddi shunday maydonga ishlov berish uchun 50 litr yonilg‘i yoqadi. Bizni traktor esa undan 10 baravar tejamkor. Uning og‘irligi esa 3,840 tonna – bu “Magnum”dan ko‘ra 5 marta yengil degani”,  deydi 24 yoshli Shuhrat Suvonov.

Bugungi kunga qadar yangi traktor ming gektardan ortiq yerga ishlov berishga ulgurgan. Fermerlar aytishiga qaraganda, dala yerlari murakkab bo‘lgan hududda ana shunday texnika juda qo‘l kelgan bo‘lardi.

“Buxoro yeri dala yerlarida tuz ko‘proq. Xorijiy texnika juda og‘ir va u yerga katta bosim o‘tkazadi. Bizni traktor esa – juda yengil, shuni uchun mahalliy dalalar uchun undan foydalanish qulayroq”, deb izoh berdi katta usta Shaxob Qoryog‘diyev.

Ixtirochi ustalar barcha sir va “nou-xau”larni ochiqlashni istamasada, shunisi ma’lumki, traktorda Nissan avtomobilining dvigateli o‘rnatilgan. Yurish qismi har xil sovet avtomobillaridan olingan. Kuzovi esa – to‘liq  mualliflik ishi.

Ustalar o‘z ixtirolarini O‘zbekistondagi intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tkazishgan va yaqin orada patent olishni rejalashtirishmoqda. Shu bilan birga ustalar turli biznes-forumlarda ishtirok etishmoqda.

“Besh yuzga yaqin fermerlar bizdan ushbu traktorlarni sotib olishga tayyor. Investitsiyalar bo‘lganda allaqachon ishga kirishgan bo‘lardik. Bir kun Toshkent Traktor zavodi vakili ham kelgandi. Uning aytishiga qaraganda bunday traktor ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish liniyasi qurish kerak. TTZ esa faqat jamlash bilan shug‘ullanarkan”, deydi Qoryog‘diyev.

Ular loyihani amalga oshirishda Alisher Usmonovning qo‘llab-quvvatlashini kutishmoqda.

“Men Alisher Usmonov innovatsion g‘oyali yosh ixtirochilarni qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi haqida eshitgan edim. Menimcha bu aynan shunday loyiha bo‘lishi mumkin. U kishi bizni eshitib g‘oyalarimizni amalga oshirishga yordam beradi deb umid qilaman”, deydi Shuhrat Suvonov. 

Hozircha ushbu traktor Jondor tumanida dehqonlar hojatini chiqarmoqda. U soatiga 60 km tezlikda harakatlanishi mumkin, lekin uning asosiy afzalligi – tejamkorligidir. 


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov Buxoro

Baholaganlar

167

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing