Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etiladi
Jamiyat
−
29 noyabr 2022
9379Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 28 noyabr kuni qabul qilingan “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, akademiyada jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tugatilib, uning shtat birliklari, o‘quv va moddiy-texnika bazasi Akademiyaga o‘tkaziladi.
Akademiya Bosh prokuratura tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Jinoyatlarni tergov qilish sohasida mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlash va tergov hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
2023/2024 o‘quv yilidan Akademiyada tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida bakalavriat (3 yil) va magistratura (1 yil) bo‘yicha o‘quv jarayoni tashkil etiladi.
Bunda qabul kvotalari bakalavriat bo‘yicha – 250 nafargacha talaba, magistratura bo‘yicha – 50 nafargacha oliy yuridik ma’lumotli vakolatli davlat organlari xodimlarini tashkil etadi.
Akademiyaning qabul parametrlari har yili Prezident tomonidan belgilanadi.
Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa OTMga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, Vakolatli davlat organlari xodimlari uchun Akademiyada tegishli o‘quv dasturlari bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirishning majburiy tartibi joriy qilinadi.
LiveBarchasi