Himolaydagi muzliklarning erishi 2 mlrd osiyolik hayotiga tahdid soladi
Olam
−
21 iyun 2023
13797Himolay tog‘lari va Hindukush tog‘ tizmasidagi abadiy muzliklarning erishi mintaqadagi Osiyo mamlakatlarining taxminan 2 milliard aholisi hayotiga xavf solishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, muzliklarning erishi permafrostning qisqarishiga olib keladi, bu esa ko‘chki va toshqinlar xavfini oshirishi mumkin. Kelajakda iqlim o‘zgarishi mintaqada chuchuk suv zaxiralarining kamayishi, shuningdek, Afg‘oniston va Myanma o‘rtasidagi Himolay zonasida biologik xilma-xillikning qisman yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, tabiiy ofatlar oziq-ovqat xavfsizligiga va GESlardan energiya olish imkoniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
“Ushbu muhim mintaqani saqlab qolish uchun hali vaqt bor, faqat atmosferaga va yer sathiga chiqarilayotgan milliardlab tonnadagi chiqindilar massasini keskin kamaytirish kerak. Qor va abadiy muzlarning erishi tabiiy ofatlar tez-tez sodir bo‘lishini, ular yanada halokatli tus olishini va ko‘proq zarar keltirishini anglatadi”, deydi Tog‘larni kompleks rivojlantirish xalqaro markazi rahbari o‘rinbosari Izabella Koziyell.
Shuningdek, tadqiqodchilar 2011-2020 yillar oralig‘ida Himolaydagi muzliklar avvalgi o‘n yillikdagidan 65 foizga ko‘proq erishini boshlaganini ma’lum qilmoqda.
Olimlar bu jarayonni antropogen manbalardan atmosferaga zararli chiqindilar chiqishi bilan bog‘lashadi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, Himolay muzliklari ushbu asrning oxiriga kelib o‘z hajmining 80 foizini yo‘qotishi mumkin.
Muhsinjon Umurzoqov
LiveBarchasi