Juma kunlari ishlash o‘rniga kitob o‘qish taklif qilindi. Qozog‘istonda!
Olam
−
18 mart 4284 2 daqiqa
Qozog‘istonlik deputati Baqitjan Bazarbek haftaning juma kunlarida davlat xizmatida ishlash o‘rniga kitob o‘qishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 18 mart kuni davlat xizmati haqidagi qonun loyihasi muhokamasi vaqtida so‘z ochdi.
Uning ta’kidlashicha, davlat xizmatchilariga juma kunlari hech qanday topshiriq berilmasligi kerak.
“Biz hozir ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadigan millatmiz. Kitob o‘qiydigan millat emasmiz. Prezident kitob o‘qish kerakligi haqida bir necha bor aytdi. Shu sababli, mening shaxsiy taklifim – kelajakda yangi qonun doirasida yoki alohida tarzda juma kunini yoki haftaning boshqa bir kunini to‘liq ma’rifat kuni, ijodiy kun qilish kerak. Ya’ni, o‘sha kuni hamma ishlar to‘xtatiladi, hech qanday yuklama, topshiriq bo‘lmaydi. Davlat xizmatchilari ishga bormaydi. Ular kutubxonaga borib, kitob o‘qisin, boshqalarga namuna bo‘lsin, ongini rivojlantirsin. Nikkolo Makiavelli va Abayni o‘qigan davlat xizmatchisi sifatli ishlay oladi”, degan deputat.
Qolaversa, fevral oyida hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev amaldorlar uning so‘nggi intervyulariga diqqat qilmaganini aytgan. Uning fikricha, ularga uzun matnlarni o‘qish qiyin bo‘lib qolgan.
Prezident davlat xizmatchilariga ko‘proq kitob o‘qishni tavsiya qilib, aks holda nafaqaga chiqqanda kognitiv qobiliyatlar (insonning fikrlash, tushunish, eslab qolish va qaror qabul qilish bilan bog‘liq aqliy imkoniyatlari) pasayib ketishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Internet ta’siri ostida uzun matnlarni o‘qish qiyinlashdi. Hozir kitob va maqolalarni tinglash imkoniyati ham bor, lekin bu davlat xizmatchilari uchun yaxshi holat emas. Kitob o‘qish kerak, aks holda pensiya yoshiga yetganda kognitiv qobiliyatlar yo‘qolishi mumkin”, degan Prezident.
Live
Barchasi