Qo‘ng‘iratboy Sharipov siyosiy partiyalarning “sirti yaltiroq” g‘oyalari aslida puch ekanini tanqid qildi

Biznes

image

Siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlaridagi aksariyat g‘oyalari reallikdan ancha yiroq. Ayniqsa, iqtisodiyotimizni ko‘tarishga qaratilgan takliflarning turli uchrashuvlar, hatto oddiy suhbatlar chog‘ida ham iqtisoddan xabari bor odamlar o‘zaro bahslashib, hisobini chiqarolmay ovora.

Darhaqiqat, ba’zi saylovoldi dasturlarida davlat byudjeti hisobiga balandparvoz iqtisodiy masalalarni taklif etilayotgani anchayin bahstalabdir.
Shu nuqtai nazardan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlariga kiritilgan “sirti yaltiroq” g‘oyalarga bir nazar solsak.

“Adolat” SDPdan ko‘rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturida ham o‘ziga xos bahsli takliflar mavjud.

Birinchisi, uy-joylarning narxini keskin kamaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini munitsipal uylar bilan ta’minlash masalasi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, xalqimiz ehtiyojini to‘la qondirish uchun har yili 145 ming xonadondan iborat uylar qurish kerak. Buning uchun esa, qariyb 30 trillion so‘m zarur bo‘ladi. Bu mablag‘ davlat byudjetining 23 foizidan ziyodini tashkil etadi. O‘z-o‘zidan ayonki, davlat byudjetining buncha qismini birgina shu sohaga ajratib bo‘lmaydi. Shuningdek, davlat xususiy sektor ishtirokisiz aholi ehtiyojini to‘la qondirishi qiyin. Shu bois, ipoteka tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish, bozor mexanizmlarini joriy etish, sohada xususiy sektorning o‘rnini oshirish katta ahamiyatga ega.

Ikkinchisi, pensiyadagi yuqori cheklovlarni bekor qilish, mehnatga, maoshga va ijtimoiy to‘lovlarga yarasha pensiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish borasidagi takliflar.

Agar amaldagi chegaraviy bazaviy miqdor bekor qilinadigan bo‘lsa, 352 200 kishiga to‘lanadigan pensiya miqdori sezilarli darajada oshishi aniq. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizning byudjetiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Dasturning soliqlar bilan bog‘liq yo‘nalishi ham e’tiborga molik. Jumladan, unda soliqqa tortishning progressiv stavkalarini o‘rnatish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni moddiy qo‘llash taklif etilmoqda. Ijtimoiy tenglikni o‘rnatish maqsadini ko‘zlagan bo‘lsa-da, ushbu taklif xufyona iqtisodiyotning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Uchinchisi, maxsus jamg‘armalarni bekor qilish orqali davlat byudjetiga tushumlarni ko‘paytirish taklifi.

Ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021 yil uchun tasdiqlangan davlat umumiy byudjet xarajatlarining davlat maqsadli jamg‘armalari uchun 40,8 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. Bu umumiy xarajatlar miqdorining 19 foizini tashkil qiladi. Qayd etish kerakki, davlat tashkilotlarining turli xil jamg‘armalarini bekor qilishga aniq asos yuq, chunki ularning barcha daromadlari va xarajatlari shaffof tarzda jamoatchilikka taqdim etib boriladi.

Ekologik partiyadan nomzod Narzullo Oblomurodovning saylovoldi dasturida tejamkor sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish orqali asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hosildorligini o‘rtacha 25-30 foizgacha oshirish bo‘yicha taklif ilgari surilgan. Bir qarashda ahamiyatli taklif. Ammo qishloq xo‘jaligida tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hosildorlikni oshirish uchun yetarli emas. Bundan tashqari, pirovard maqsad qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish emas, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘lishi lozim. Birgina misol, joriy yilda piyoz narxining keskin qulashi natijasida hosilni yig‘ishtirib olish xarajatlari piyozning bozor narxidan oshib ketgani sababli Surxondaryodagi ba’zi dehqonlar hosilini shudgorlab yubordi.

Shuningdek nomzod global rivojlanish sharoitida vujudga kelgan chiqindi muammolarini samarali hal etish uchun maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 40 foizga, hosil bo‘layotgan sanoat chiqindilarini qayta ishlash miqdorini esa 20 foizga yetkazish taklifini ilgari surmoqda.

Ahamiyatli taklif. 2020 yilda maishiy chiqindi hajmi yiliga 7 million tonnadan ziyod bo‘lib, uning 19 foizi qayta ishlangan. Maishiy chiqindini qayta ishlash darajasini 40 foizga yetkazish qaysi muddatlarda erishiladigan ko‘rsatkich va mazkur ko‘rsatkichlarga qanday mexanizmlar orqali erishiladi, degan savol ochiq qolmoqda.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nomzodi esa, o‘z saylovoldi dasturida ishchi xodimlarning ijtimoiy muhofazasi ta’minlanishi, mehnat shartnomasida xodimning sog‘lig‘idan tortib, ijtimoiy talablarigacha bo‘lgan barcha holatlar kafolatlanishi taklifini bildiradi. Lekin bu ahamiyatga molik emas. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida xodimlarning manfaatlari va ish beruvchining barcha majburiyatlari belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, nomzod kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlashning qadriyatlarga tayangan yangi tizimini joriy qilish, ehtiyojmand kishilarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berish tartibi qonun bilan belgilanishi haqida ham mulohazali taklifni ilgari surmoqda.

Kambag‘allikka qarshi kurashish uzoq va murakkab jarayon bo‘lib, u institutsional va tizimli yondashuvni taqozo etadi. Kambag‘allikka qarshi faqat ehson, xayriya, homiylik orqali kurashilmaydi. Ijtimoiy himoya tizimida davlat doimo asosiy kafolatlangan qismini amalga oshirishi lozim. Xayriya va ehson uning ustiga qo‘shimcha ravishda amalga oshirilishi lozim.

Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod saylovoldi dasturining iqtisodiy yo‘nalishida aholining daromadiga qarab, tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

Bu ahamiyatga molik bo‘lmagan taklif. Negaki, yuqori soliq yuki va soliq tizimining murakkabligi norasmiy sektor paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan hisoblanadi. Shu munosabat bilan 2019 yili joriy etilgan yangi soliq tizimi orqali mehnatga soliq yuki yengillashtirildi. Bir qator majburiy to‘lovlar va jismoniy shaxslarning 4 shkalali daromad solig‘i stavkalari o‘rniga yagona 12 foizlik stavka belgilandi. Natijada soliq yuki kamayib, mazkur soliq turi bo‘yicha byudjetga to‘lovlar hajmi ortib bormoqda. Masalan, 2018 yilga qadar daromad solig‘idan byudjetga tushumlar miqdori YAIMga nisbatan o‘rtacha 2 foiz atrofida tashkil etgan bo‘lsa, 2020-2021 yillarda bu ko‘rsatkich 2,6 foizga yetgan. Bundan tashqari, tabaqalashtirilgan soliq tizimi asosan rivojlangan va norasmiy sektor ulushi past bo‘lgan davlatlarda qo‘llaniladi. Boshqacha aytganda, tabaqalashtirilgan soliq tizimini qaytarish norasmiy sektorni yanada kuchaytirishga va davlat byudjeti daromadlarining pasayishiga olib keladi.

Nomzodning yana bir taklifi ijtimoiy nafaqalardan yuqoriroq mehnat haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasi bilan bog‘liq. Juda ahamiyatli va dolzarb masala. Chunki ish o‘rinlarini yaratish juda muhim. Biroq asosiy masala mazkur ish o‘rinlari qayerda, qaysi sohada, nimaning hisobiga yaratiladi? Qancha ish o‘rinlari yaratiladi? 

Yana bir taklifda o‘rta muddatli istiqbolda kam ta’minlangan aholi qatlamlari ulushini kamida 2 baravar qisqartirish masalasi ko‘tariladi. Ammo XDPning mazkur rejani qanday amalga oshirish bo‘yicha aniq hisob-kitobi keltirilmagan. Misol uchun Liberal demokratik partiyaning dasturida ham kambag‘allikni 2 baravarga qisqartirish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, buning uchun kelgusi 5 yilda jon boshiga to‘g‘ri keluvchi YAIM miqdorini 1,6 barabarga ko‘paytirish hisobiga erishmoqchi. 

Xulosa qilib aytganda, yuqorida sanab o‘tilgan 4 ta partiyaning iqtisodiy masalalarni hal qilishda ko‘proq davlat byudjetiga tayanib qolmoqda. Shuningdek, taklif etilayotgan iqtisodiy yechimlar aniq mexanizmlarga ega emas.

Qo‘ng‘iratboy Sharipov,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

200

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing