Jinoyat protsessi ishtirokchilariga ko‘proq huquq beriladi

Jamiyat

image
Ushlash, tintuv o‘tkazish va himoyadan voz kechish jarayonlari videoyozuv bilan qayd etiladi north_east

Ushlash, tintuv o‘tkazish va himoyadan voz kechish jarayonlari videoyozuv bilan qayd etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritiladigan tuzatishlar loyihasini ishlab chiqib, muhokama qilish uchun taqdim etdi.

Oliy sud loyihani Bosh prokuratura, DXX, IIV va Adliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqdi va JPKga kiritiladigan tuzatishlar paketini muhokamaga qo‘ydi.

“Norma”ning yozishicha, qonun loyihasi mualliflari qarorlar kesimida manfaatdor shaxslar doirasini belgiladilar:

•    taftish o‘tkazish to‘g‘risida – gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi, tekshirilayotgan sub’ektning vakolatli mansabdor shaxsi yoki vakili;
•    jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida – o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan shaxs, ayblanuvchi, uning himoyachisi, qonuniy vakili;
•    jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida – jinoyat sodir etilganligi to‘g‘risida xabar yuborgan fuqaro, korxonaning, muassasaning, tashkilotning, jamoat birlashmasining vakili yoki mansabdor shaxs;
•    jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvni, dastlabki tergovni to‘xtatish to‘g‘risida – gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari;
•    jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida – gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, o‘z xabariga ko‘ra ish qo‘zg‘atilgan korxona, muassasa, tashkilot vakili yoxud fuqaro.

Ko‘rsatilgan sub’ektlar aytib o‘tilgan qarorlarning ko‘chirma nusxalarini oladilar, ularda boshqa ma’lumotlar qatori ular ustidan shikoyat qilish tartibi qayd etiladi. Bunda jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi va qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlarning ko‘chirma nusxalari manfaatdor shaxslarga 3 kunlik muddatda taqdim etilishi yoki elektron shaklda yuborilishi kerak.

Taftish o‘tkazish to‘g‘risidagi, jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqidagi, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan uning ko‘chirma nusxasi olingan kundan e’tiboran 10 kun ichida shikoyat berilishi mumkin. Jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvni, dastlabki tergovni to‘xtatish to‘g‘risidagi, jinoyat ishini tugatish haqidagi qaror ustidan esa u chiqarilgan kundan e’tiboran bir yil ichida shikoyat qilinishi mumkin. 

Shikoyat sudga qadar ish yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi prokuror orqali jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga yoki tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov o‘tkazilgan joydagi hududiy harbiy sudga beriladi. Shikoyatni olgan prokuror shikoyat qilinayotgan qarorni bekor qilishga yoxud uni tergovga qadar tekshiruv, jinoyat ishi materiallari bilan birga 3 kunlik muddatda sudga yuborishga haqli.

Shikoyat uni berish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa yoki ushbu sudda ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lmasa, sud tomonidan qaytarilib, bu haqda ajrim chiqariladi.

Shikoyat sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 5 kunlik muddatda sudya tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi. Sud majlisida shikoyat bergan shaxs, uning himoyachisi (advokati), vakili, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsning vakili, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror ishtirok etishi mumkin.

Shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha sud shikoyatni qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida, ustidan shikoyat berilgan qarorni bekor qilish haqida ajrim chiqaradi. Sud ajrimining ko‘chirma nusxasi shikoyat bergan shaxsga va prokurorga 3 kunlik muddatda yuboriladi. Bunda sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat, prokuror tomonidan esa apellyatsiya tartibida taqdimnoma berilishi mumkin. Ular apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.  

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat-protsessual kodeksi

Baholaganlar

42

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing