Japarov niyatiga yetdi
Olam
−
14 noyabr 2020 34362 2 daqiqa
Avvalroq, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri – Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sadir Japarov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda muloqot qilmoqchi ekanini aytgan edi. Japarov kutgan muloqot kecha, 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Prezidentlar ikki mamlakatning koronavirusga qarshi birgalikda kurash masalasini muhokama qilganlar.
"Ikki tomonlama kun tartibidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikka, shuningdek koronavirus infeksiyasiga qarshi birgalikda kurashishga qaratilgan bir qator amaliy masalalar muhokama qilindi", deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, suhbat Qirg‘iziston tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.
Suhbat davomida Putin Qirg‘izistondagi vaziyat barqarorlashishiga va ichki siyosiy muammolarning tezroq hal qilinishiga umid bildirgan.
"Sadir Japarov oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan keyin sodir bo‘lgan voqealarni hisobga olgan holda respublikadagi vaziyatning rivojlanishi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Rossiya tomoni Qirg‘izistondagi vaziyat barqarorlashishiga va ichki siyosiy muammolarning tezkor hal etilishiga umid bildirdi", deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, boshqa mavzular qatorida Rossiya-Qirg‘iziston munosabatlarining holati va istiqbollari muhokama qilingan. Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ittifoq va strategik sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish niyati ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, Sadir Japarov bugun, 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham telefon orqali muloqot qildi.
Live
Barchasi