Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi hibsga olindi

Olam

image

Kecha, 12 avgust kuni Janubiy Koreya sudi mamlakat sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasini hibsga olishga order berdi. U poraxo‘rlik, firibgarlik va saylovlarga aralashishda ayblanmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.

Telekanalga ko‘ra, Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi Kim Gen Xiga nisbatan olib borilayotgan tergov mamlakat yangi rahbariyati tomonidan boshlangan uchta maxsus prokuror tergovlaridan biri hisoblanadi. Hozir hokimiyat tepasida liberal partiya, sobiq prezident Yun esa konservatorlar safida bo‘lgan.

“Yunning o‘z aybi bilan qulashini Janubiy Koreyada ketma-ket omadsiz prezidentliklar davomi sifatida baholash mumkin, ammo u va Kim jinoyat ayblovlari bilan bir vaqtda hibsga olingan birinchi prezident juftligi bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Kim Gen Xi Seul sudiga tinglovga kelganida jurnalistlar bilan gaplashmagan. Sobiq birinchi xonim Seul janubidagi, Yun saqlanayotgan muassasadan alohida hibsxonaga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, ayol hibsga olinishi haqidagi qaror qabul qilinishidan oldin taxminan yetti soat davomida so‘roq qilingan.

“Kim o‘tgan hafta so‘roq paytida jurnalistlar bilan qisqacha gaplashib, jamoatchilik tashvishiga sabab bo‘lgani uchun uzr so‘radi, lekin u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etishiga ishora qildi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, tergovchilar Kim va Yun 2022 yilda parlamentga qo‘shimcha saylovlarda aniq bir nomzodni ilgari surish uchun konservativ partiyaga noqonuniy ta’sir o‘tkazgan deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, Kim Gen Xi ko‘plab korrupsion jinoyatlarda ayblanmoqda. Tergovchilarning bildirishicha, u mansabdor shaxslarning manfaatlarini himoya qilish evaziga ulardan qimmatbaho sovg‘alar olgan. Shuningdek, sobiq prezidentning rafiqasi aksiyalar narxlarini manipulyatsiya qilish sxemasiga aloqador bo‘lishi mumkin.

“O‘z lavozimida bo‘lganida Yun rafiqasiga qarshi tergov o‘tkazish haqidagi chaqiriqlarni bir necha bor rad etgan, ularni asossiz siyosiy hujumlar deb atagan”, deya qayd etadi jurnalistlar.

Eslatib o‘tamiz, Yun Sok Yol o‘tgan yil dekabrida mamlakatda harbiy holat joriy etishga urinishdan keyin lavozimidan chetlashtirilgan edi. U bunday qarorini “konstitutsion tartibni himoya qilish” va “shimoliy koreyalik kommunistik kuchlar tahdididan qochish” istagi bilan izohlagan.

Joriy yilning iyul oyi boshida Seul sudi Yun Sok Yolning o‘zini ham qisqa muddatli harbiy holat joriy etgani bilan bog‘liq ayblovlar asosida ikkinchi bor hibsga olish orderini chiqargandi.  

Shu yilning iyun oyida mamlakatda muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida “Toburo” demokratik partiyasidan nomzod Li Chje Myon g‘alaba qozondi va byulletenlarning 100 foizi sanab bo‘lingandan so‘ng 49,4 foiz ovoz to‘pladi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Yun Sok Yol' Kim Gen Xi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing