Jahon hamjamiyati Afg‘onistondan kelib chiqadigan tahdidlarni baholay olmayapti – Mirziyoyev
Jamiyat
−
04 aprel
7355O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jahon hamjamiyati Afg‘oniston hududidan kelib chiqadigan barcha tahdidlarni yetarlicha baholay olmayotganini aytdi. Bu haqda u bugun, 4 aprel kuni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida so‘z ochdi.
“Afg‘onistonni tinch rivojlantirish masalalarida siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyormiz. Ming afsuski, jahon hamjamiyati ushbu mamlakat hududidan kelib chiqadigan barcha tahdidlarni yetarlicha baholay olmayapti”, dedi Prezident.
Mirziyoyevning aytishicha, afg‘on tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yo‘li bilan faol jalb etish zarur.
“Qabul qilingan majburiyatlarni bajarish uchun xalqaro hamjamiyatning amaldagi afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish muhimligini tushunishi va qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shuningdek, u xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlar, xususan, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik tobora dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
“Yevropalik sheriklarimizning terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz. “BOMCA” va “CADAP” dasturlari doirasida o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shavkat Mirziyoyev “Euronews”ga bergan intervyusida O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan yondashuvi har doim pragmatik va uzoq muddatli strategik tamoyillarga asoslanib kelganini aytgandi.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel
Trenddagilar



