Zarafshondagi aeroport qayta ishga tushishi mumkin
Jamiyat
−
01 noyabr 2024 4244 2 daqiqa
Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi 80-yillarda qurilgan aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasi o‘rganiladi. Bu haqda bugun, 1 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, Zarafshon shahridagi 80-yillarda qurilgan aeroport hozirda ishlamayapti. Mas’ullarga ushbu aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasini o‘rganib, tegishli takliflar kiritish topshirildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Zarafshon shahri aholisi 2-3 yilda 100 mingdan oshishi ta’kidlandi. Shu bois, Zarafshon hududini Tomdi tumani hisobidan 2 ming gektarga kengaytirib, 150 ming aholi uchun sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.
Bildirilishicha, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida jami 200 ming aholi yashaydi. Ular Toshkent shahriga kelish uchun avval avtomobilda 250-300 kilometr yo‘l yurib, Navoiy shahriga boradi. Keyin esa, bu yerdan poyezd yoki samolyotga o‘tirib, poytaxtga borishga majbur bo‘layapti.
Mas’ullar oldiga ijtimoiy infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlarini qish mavsumiga sifatli tayyorlash, kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi. Bundan tashqari, mutasaddilarga ayollarni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, yoshlar bilan ishlashni yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Buxoro xalqaro aeroporti qurilishiga oid taqdimot bilan tanishgan edi. Unda davlat rahbari yangi aeroportda o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 2 barobar oshirib, soatiga 8 ta samolyot kelish-ketishiga imkoniyat yaratish zarurligini ta’kidlagan. Terminalning qulayliklari, ichki va tashqi qiyofasi bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Live
Barchasi