Yun Sok Yol sabab davlat idoralarida tintuv o‘tkazildi

Olam

image

Janubiy Koreyada sobiq prezident Yun Sok Yolga nisbatan olib borilayotgan tergov doirasida maxsus prokuror guruhi 24 ta davlat idorasida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda “The Korea Times” xabar berdi.

Tintuvlar Uchish apparatlari operatsiyalari qo‘mondonligi va Mudofaa vazirligida, shuningdek, Kontrrazvedka qo‘mondonligi hamda Prezident ma’muriyatining Milliy xavfsizlik bo‘limida amalga oshirilgan.

Maxsus prokurorning gumoniga ko‘ra, Yun Sok Yol 2024 yilning oktyabr oyida Shimoliy Koreyani urush harakatlariga undash maqsadida harbiylarga KXDR tomoniga dronlar uchirishni buyurgan. Bu orqali u harbiy holat joriy qilish uchun asos yaratmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, bu operatsiyaga oid ma’lumotlar ataylab yashirilgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning dekabr oyida Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy qilishga uringan. Shundan so‘ng, parlament uni qo‘zg‘olonga urinishda ayblab, impichment e’lon qildi.   

U qo‘zg‘olonga urinish haqidagi ayblovlarni rad etib, o‘zining qarorini “siyosiy jihatdan asosli” deb atagan va u davlatni muxolifatdan himoya qilish uchun qabul qilinganini ta’kidlagan. Yunning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat hukumat ishini falaj qilgan.

Joriy yilning iyun oyida mamlakatda muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida “Toburo” demokratik partiyasidan nomzod Li Chje Myon g‘alaba qozondi va byulletenlarning 100 foizi sanab bo‘lingandan so‘ng u 49,4 foiz ovoz to‘pladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezident Yun Sok Yolning Seuldagi xonadonida tintuv o‘tkazgandi. Tintuv maxsus prokuror Li Myon Xyon boshchiligidagi guruh tomonidan 2023 yilda halok bo‘lgan dengiz piyodasi Chxe Su Gin ishi bo‘yicha tergov doirasida amalga oshirilgan. Uch soat davom etgan tintuv chog‘ida sobiq prezidentning uyidagi mobil telefon musodara qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing