Yangi tashkil etilgan Ijtimoiy himoya agentligining vazifalariga nimalar kirishi aytildi
Jamiyat
−
02 iyun 2023
10813Bugungi kunda O‘zbekistonda davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya dasturlari 170 dan ortiq xizmatlar va yordamlarni qamrab olgan bo‘lib, ushbu xizmatlar 6 ta vazirlik tomonidan bir-biridan tarqoq tarzda faoliyat olib bormoqda. Aholiga kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy qilish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Bu haqda joriy yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida ma’lum qilgan edi.
Agentlikning asosiy vazifalaridan biri og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlashni tashkil qilishdan iborat bo‘lib, aholining 31 ta toifasiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etadi.
Xususan:
- keksa yoshdagi shaxslar va qariyalar;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- kam ta’minlangan oilalar;
- zo‘ravonlikka uchragan shaxslar;
- nogiron farzandlari bo‘lgan oilalarga va ota-onasining biri nogiron bo‘lgan bolalar;
- vasiylikka olingan oilalar;
- yetim va chin yetim bolalar;
- alohida ta’lim-tarbiyaga muhtoj shaxslar ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.
Agentlik tomonidan aholiga quyidagi asosiy ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatiladi:
- kam ta’minlangan oilalarga hamda mehantga layoqatsiz aholiga nafaqalar va moddiy yordamlar berish;
- keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda mehnat faxriylari uchun sanatoriylar hamda pansionatlarda ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish;
- aholini protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni imtiyozli hamda bepul statsionar davolanishini ta’minlash;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturlarini ishlab chiqish;
- og‘ir ijtimoiy oilalar bilan ishlash;
- ruhiy-ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish;
- tazyiq va voyaga yetmagan bolalarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish;
- yetim va chin yetimlar bilan manzilli ishlash;
- extiyojmand aholi qatlamiga tibbiy, psixologik va boshqa xizmatlarini ko‘rsatish.
Shuningdek, agentlik tarkibiga quyidagi tashkilotlar bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Jumladan 2023 yil 15 iyundan boshlab:
- Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;
- Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari hamda uning hududiy bo‘limlari;
- Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar uchun «Muruvvat» va «Saxovat» internat-uylari;
- Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati;
- keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar.
2024 yil 1 yanvardan boshlab:
- bolalar uylari;
- bolalar mehribonlik uylari;
- voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari;
2024 yil 1 avgustdan boshlab:
- alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari;
- imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari;
2025 yil 1 yanvardan boshlab:
- muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari;
- Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi.
LiveBarchasi