O‘zbekistonning pley-offga chiqish ehtimoli o‘rganib chiqildi
Sport
−
11:40 1172 2 daqiqa
Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi uchrashuvlardagi mag‘lubiyatlardan so‘ng “Opta” analitika kompaniyasining superkompyuteri O‘zbekistonning 2026 yilgi Jahon chempionati pley-offiga chiqish ehtimolini o‘rganib chiqdi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Yangilangan prognozga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining o‘z guruhida birinchi o‘rinni egallash ehtimoli 0 foizni tashkil etmoqda. Terma jamoaning pley-off bosqichiga chiqish imkoniyati esa 1,65 foiz deb baholangan.
“Opta” hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning nimchorak finalga yetib borish imkoniyati 0,31 foizga teng. Shuningdek, jamoaning chorak finalga chiqish ehtimoli 0,06 foiz deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yarim finalga yo‘l olishi, finalga chiqishi va jahon chempioni bo‘lish ehtimoli 0 foizni tashkil etgan.
Jahon chempionatining 3-turida O‘zbekistonga qarshi maydonga tushadigan Kongo DR terma jamoasining 1/32 final bosqichiga chiqish imkoniyatlari 41,22 foizni tashkil qilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Argentina terma jamoasini Jahon chempionatining asosiy favoriti deb baholamoqda. Amaldagi chempionlarning turnirda g‘olib chiqish ehtimoli 15,46 foizni tashkil etmoqda. Keyingi o‘rinlardan Fransiya (15,06 foiz) va Ispaniya (12,48 foiz) joy olgan.
Turnir boshlanishidan oldin “Opta” Ispaniyani asosiy favorit sifatida ko‘rsatgan edi. Uning chempionlik ehtimoli – 16,1 foiz deb baholangan. Biroq ispanlar 1-turdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng 12,48 foiz ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘ringa tushib qolgan.
Elatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvida Kolumbiyaga 1:3, ikkinchi uchrashuvda esa Portugaliyaga 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.
Live
Barchasi