Karimovga “Siz Stalinsiz” degan vazir vafot etdi
Jamiyat
−
12 Oktabr 37781 2 daqiqa
O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri general-polkovnik Rustam Ahmedov 82 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Rustam Ahmedov 1943 yil 10 noyabrda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tavallud topgan. 1965 yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini “tank qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi” mutaxassisligi bo‘yicha, 1985 yilda esa Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasini “qo‘mondon-shtab operativ-taktik” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1966 yildan 1972 yilgacha qadar Boltiqbo‘yi qo‘shinlari harbiy okrugi 11-armiya tank polki tank vzvodi komandiri lavozimidan Shimoliy qo‘shinlar tankchilar diviziyasi tankchilar bataloni komandirining siyosiy bo‘lim bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.
1972 yildan 1986 yilgacha Toshkent oliy tank qo‘mondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtlarida kursantlar batalonida komandirning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda batalon komandiri lavozimlarida xizmat o‘tagan.
1986 yildan 1991 yilgacha Toshkent viloyati fuqarolik mudofaasi komandirining o‘rinbosari – shtab boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.
1991 yildan 1992 yilgacha bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Mudofaa ishlari bo‘yicha vaziri – O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya qo‘mondoni lavozimida, 1992 yildan 1997 yilgacha esa O‘zbekiston Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
U mustaqil O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri sifatida tarixdan joy oldi.
Marhum nafaqat mudofaa tizimida, balki 1997 yilning sentyabr oyidan 1998 yil sentyabr oyigacha Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ham faoliyat yuritgan.
1998 yilda u nafaqaga chiqqan. Marhum 2018 yildan 2020 yilgacha Mudofaa vazirining maslahatchisi lavozimida mudofaa tizimining muhim yo‘nalishlarini qayta isloh qilishda faol ishtirok etgan. 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i va 1995 yilda II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.
O‘zbekiston Respublikasi milliy armiyasini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2018 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov 2024 yilda “AlterEgo” loyihasiga bergan intervyusida Birinchi Prezident Islom Karimovga “Siz Stalinsiz” deya aytganini so‘zlab bergan edi. O‘shanda Karimovning undan jahli chiqqan va nega bunday deganini so‘ragan. Ahmedov esa “Xudo saqlasin, bunaqa bo‘lmaganingizda hozir bizda ham xuddi tojikistonliklarga o‘xshab urush bo‘lardi”, deya javob qaytargan va vaziyatni yumshatgan.
Live
Barchasi