O‘zbekistonda 22 ta narkojinoiy guruh fosh etildi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar-fevral oylarida narkotiklarni o‘tkazish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi 22 ta uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.  

Qayd etilishicha, 5 nafar guruh yetakchilari va 84 nafar vositachi a’zolar qo‘lga olingan. Shuningdek, 8 ta yashirin narkolaboratoriya fosh etilgan. Bu jinoyatchilarning 20 nafari psixotrop dorilarni, 28 nafari an’anaviy narkotiklarni tarqatish bilan shug‘ullangan.

Ulardan 41 nafari sintetik narkotiklarni tarqatishni internet narkodo‘konlar orqali amalga oshirgan. O‘tgan 2025 yil davomida 14 ta yashirin narkolaboratoriyalar aniqlangan bo‘lsa, joriy yilning 2 oyi davomida 8 ta narkolaboratoriya aniqlangan.

Narkolaboratoriyalarning 3 tasi psixotrop, moddalarni tayyorlash bilan shug‘ullangan yashirin sexlar bo‘lgan. Qolgan 5 tasi esa sintetik narkotik moddalarni tayyorlovchi narkolaboratoriyalarni tashkil qilgan. 

Tezkor tadbir natijasida yanvar-fevral oylarida 41 kg an’anaviy narkotiklar, 100 kgdan ortiq sintetik narkotiklar, 1 million dozaga teng 200 mingga yaqin psixotrop dori vositalari va 2 tonnaga yaqin prekursorlar noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, ushbu uyushgan narkojinoiy guruhlar o‘rtacha 3 oydan 10 yilgacha vaqt oralig‘ida jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan. Bir yilda o‘rtacha 1 million donadan ortiq psixotrop dori vositalarini 1 yil davomida 2-2,5 tonna “gashish” va “opiy” kabi narkotik moddalarni o‘tkazishni amalga oshirgan.

Internet narkodo‘kon tomonidan 1 yilda o‘rtacha 350 kg va 3 yil davomida 4 million dozaga teng bo‘lgan 700-800 kg sintetik narkotik moddalarni “zakladka” usulida tarqatgan. 

Jinoiy guruhlar turli xildagi giyohvandlik vositalarini Toshkent, Namangan, Andijon, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarining jami 40 ta tuman shaharlarida faol tarzda tarqatgan.

Bundan tashqari, Afg‘onistondan Surxondaryo orqali, Qirg‘izistondan Namangan va Andijon viloyatlari orqali, Qozog‘istondan Toshkent viloyati orqali respublika hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.

Hozirda uyushgan narkojinoiy guruhlar faoliyatini to‘liq aniqlash, fosh etish va chek qo‘yishga qaratilgan kompleks tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

narkojinoiy guruh sintetik narkotiklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing